Hushyorlik – xavfsizlikni ta’minlaydi
Bugungi kunda jamiyat xavfsizligini ta’minlash, aholi osoyishtaligini saqlash va yoshlarni turli tahdidlardan himoya qilish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilayotgan jinoyatlar, narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq holatlar hamda turli huquqbuzarliklarning oldini olishda fuqarolarning hushyorligi va xavfsizlik choralariga amal qilishi muhim hisoblanadi. Bunday sharoitda mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, bolalar xavfsizligini ta’minlash va mol-mulkni ishonchli muhofaza qilish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Shu maqsadda G‘uzor tumani Qo‘riqlash xizmati bo‘limi tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining mol-mulkini ishonchli himoya qilish, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan keng qamrovli targ‘ibot-tashviqot tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Tadbirlar davomida savdo nuqtalari, bozorlar, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, korxona va tashkilotlar hamda aholi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, qo‘riqlash xizmatining zamonaviy imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumot berilmoqda. Xususan, ob’ekt va xonadonlarni texnik qo‘riqlovga olish tartibi, zamonaviy signalizatsiya vositalari hamda markazlashtirilgan kuzatuv tizimining afzalliklari keng targ‘ib qilinmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, zamonaviy qo‘riqlash tizimlarini keng joriy etish mol-mulkka qarshi qaratilgan jinoyatlarning oldini olish, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va fuqarolarning xavfsizlikka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ayniqsa, farzandlar tarbiyasi va ularning xavfsizligi har bir ota-ona uchun eng muhim masalalardan biri bo‘lgan bugungi kunda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va zamonaviy qo‘riqlash vositalaridan samarali foydalanishning ahamiyati yanada ortib bormoqda.

Bugungi kunda amalga oshirilayotgan bunday profilaktik tadbirlar aholi, tadbirkorlar va qo‘riqlash xizmati o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, hududlarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash hamda “Xavfsiz hudud” tamoyilini hayotga tatbiq etishda muhim o‘rin tutmoqda. Shubhasiz, xavfsiz mahalla tinch oila va barqaror jamiyatning mustahkam poydevoridir.
N.Rahmonova, O‘zA