Huquqiy media markaz ish boshladi
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish va davlat bilan jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash maqsadida yangi media markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Media markaz fuqarolarga huquqiy axborotni aniq, tushunarli va ishonchli tarzda yetkazish, fuqarolarning huquqlari haqida sodda va xalqchil tilda tushuntirish imkonini beradi.
Zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan media markazda interfaol uchrashuvlar, brifinglar va turli formatdagi videodasturlar suratga olinadi.

– Bu nafaqat qonunlar, balki ularning mazmuni, huquqiy tartiblar va hujjatlar bilan bog‘liq barcha savollarga javob topishni ta’minlaydi, – deydi Adliya boshqarmasi huquqiy axborot shu’basi bosh maslahatchisi Dilnoza Umurzoqova. — Qolaversa, jamiyatda huquqiy madaniyatni rivojlantirishga, huquqiy xatolarni kamaytirishga yordam beradi.

Markaz mutaxassislari mahalliy tele va radiokanallar, internet saytlari, gazeta va jurnallar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Bu, o‘z navbatida, aniq va ishonchli axborotni tezkor yetkazishni ta’minlaydi.

Media markazning ishga tushirilishi aholining huquqiy savodxonligini oshirish, yangi qonunlar va huquqiy tushunchalarga bo‘lgan munosabatini o‘zgartish hamda umumiy huquqiy muammolarni hal etishda muhim rol o‘ynaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri