Samarqand shahrida “Ommaviy axborot vositalarida sud organlari faoliyati va sud jarayonlarini yoritishda jurnalist va blogerlarning kasbiy malakasini oshirish” mavzusidagi seminar-trening o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning yurtimizdagi loyihalar muvofiqlashtiruvchisi ofisi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Samarqand, Buxoro, Navoiy va Jizzax viloyatlarida faoliyat yuritayotgan jurnalist va blogerlar ishtirok etmoqda.
[gallery-24450]
– Tadbirdan ko‘zlangan maqsad sud jarayonlarini yoritishda jurnalist va blogerlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda sudlar faoliyati yoki muayyan sud ishini yoritish borasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni hal etish yuzasidan fikr almashishdan iborat, – deydi Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov. – Shu maqsadda ikki kun davomida YeXHT ekspertlari tomonidan sud reportajlari va huquqiy reportajlarning farqli jihatlari, sudga doir mavzularni yoritishda axloqiy va huquqiy chegaralar, jurnalistik surishtiruvning qonuniy asoslari, sud jarayonlarini yoritish va jamoatchilik bilan munosabatlar kabi mavzular yuzasidan mashg‘ulot o‘tadilar. Bundan tashqari, mamlakatimiz sud-huquq tizimidagi so‘nggi yangilik va o‘zgarishlar, jumladan, raqamli texnologiyalardan foydalanish holati bo‘yicha jurnalist va blogerlarga zarur ma’lumotlar berilmoqda.
Seminar-treningda YeXHTning yurtimizdagi loyihalar muvofiqlashtiruvchisi ofisi xalqaro maslahatchisi Endryu Yurkovskiy bugungi axborot asrida tezkor ma’lumot tarqatish qanchalik muhimligiga qaramay, avvalo inson sha’ni, haq-huquqlari hurmat qilinishi, huquqiy chegaralar buzilmasligi kerakligini ta’kidladi.
Tadbir interfaol usulda, ishtirokchilar bilan o‘zaro fikr va tajriba almashgan holda olib borilmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari