Huquqiy mahallada “Adliya sayli”
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan 4900 nafar aholi istiqomat qilayotgan Xovos tumanidagi Yangiyer mahallasiga huquqiy mahalla maqomi berilib, ushbu mahalla aholisi uchun “Adliya sayli” o‘tkazildi.
– Bugungi kunni islohotlarsiz va o‘zgarishlarsiz tasavvur etish qiyin. Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, tizimli hal etish maqsadida Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida “Huquqiy mahalla” loyihasi ishga tushirilib, unga asosan tumandagi Yangiyer mahallasiga “Huquqiy mahalla” maqomini berdik. Bundan ko‘zlangan maqsad aholiga professional huquqiy yordam ko‘rsatish barobarida ularni ko‘p yillardan buyon qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish. O‘ylaymanki, "Huquqiy mahalla" loyihasi, u asosda o‘tkazilayotgan "Adliya sayli" orqali bu muammollarga albatta yechim topamiz, –deydi Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Bobur Nazarov.
"Huquqiy mahalla" loyihasi doirasida "Yangiyer" MFYda o‘tkazilgan “Adliya sayli"da aholining huquqiy savodxonligini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratilib, muammo va masalalar o‘rganilib, ko‘plari shu joyning o‘zida xal etildi.
O‘tkazilgan qabul davomida 50 dan ziyod turli mazmundagi murojaat qabul qilindi. Shundan 20 ta murojaat joyida o‘z yechimini topdi. 12 ta murojaat yuzasidan zarur huquqiy tushuntirishlar berilib, o‘rganish muddat talab etadigan 18 ta murojaat ish yurituvga qabul qilindi va ijrosi alohida nazoratga olindi.
Aholining gaz va energoresurslardan foydalanish bo‘yicha yangiliklardan xabardorligini oshirish, gaz va energiya resurslari tejamkorligiga erishish, qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy va ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida ushbu tadbirga gaz va elektr ta’minoti korxonalari vakillari ham taklif etildi. Ular tomonidan aholi muammolari tinglanib, yechilishi mumkin bo‘lganlari shu joyning o‘zida yechilib, vaqt talab etiladigan masalalar yuzasidan tushunchalar berildi.
[gallery-20829]
Yoshlarning bilim va salohiyatini yuzaga chiqarish maqsadida "Tengdoshimga huquqiy yordam” loyihasi doirasida viktorina o‘yinlari ham tashkil etilib, yoshlarning Konstitutsiyaga doir bilimlari sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, FHDYO, Davlat xizmatlari markazi, notarius va advokatlar tomonidan aholiga huquqiy xizmatlar ko‘rsatildi.
Loyiha doirasida uyma-uy yurish orqali fuqarolar bilan muloqot qilinib, ularning huquqiy muammolari o‘rganilmoqda. Bugunga qadar mahallada olib borilgan o‘rganishlar davomida 1167 ta huquqiy muammo aniqlanib, 704 tasi ijobiy hal etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri