Huquqiy davlatchilik va xalqaro hamkorlikning yangi bosqichi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha Belarus Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, balki xalqaro huquq normalari va davlatlararo hamkorlikning zamonaviy tamoyillarini amalda ro‘yobga chiqarish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Bu tashrif davlatlarning ichki ishlarga aralashmaslik, o‘zaro hurmat, manfaatlar muvozanati va xalqaro shartnomalarga sodiqlik kabi fundamental huquqiy prinsiplarning amaliy ifodasi sifatida baholanmoqda.
Shu ma’noda, oliy darajadagi uchrashuvlar natijasida erishilayotgan kelishuvlar ikki mamlakatning strategik hamkorligini yanada rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratadi.
Mamlakatimiz ochiqlik, o‘zaro ishonch va pragmatizm tamoyillariga asoslangan tashqi siyosatni izchil amalga oshirib kelmoqda. Bu esa, yurtimizning xalqaro maydondagi e’tiborini yanada yuksaltirish, ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Belarus Respublikasi bilan munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilishi, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi, transport-logistika, ta’lim, ilm-fan, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni kuchaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Bu sohalarda imzolanadigan har bir hujjat va kelishuv davlatlar o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Mamlakatimiz rahbarining Belarusga tashrifi gumanitar diplomatiya nuqtai nazaridan ham katta ahamiyat kasb etadi. Ta’lim, ilm-fan, madaniyat va yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlik xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi.
Ayniqsa, yuridik ta’lim, huquqiy tadqiqotlar va kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirish ikki davlat huquqiy tizimlari o‘rtasida tajriba almashish imkoniyatlarini yanada boyitadi.
Qolaversa, bugungi kunda xalqaro munosabatlarda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, terrorizm, ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik, kiberjinoyatchilik va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish davlatlarning yaqin hamkorligini taqozo etmoqda.
Mazkur yo‘nalishlarda huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish va vakolatli organlar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mazkur tashrifning muhim amaliy natijalaridan biri bo‘lishi shubhasiz.
Huquqiy davlat qurish yo‘lida qat’iy odimlayotgan Yangi O‘zbekiston uchun tashqi siyosatdagi har bir muhim tashrif mamlakatimiz milliy manfaatlarini ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash, xalqaro huquqning prinsiplariga sodiqlikni namoyon etish va xalqimiz farovonligiga xizmat qiluvchi yangi imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan.
Bugun Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosati – tinchlik, barqarorlik, huquqiy hamkorlik va o‘zaro manfaatli taraqqiyot siyosati ekanini butun jahon hamjamiyati yana bir bor e’tirof etmoqda. Bu esa, mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va kelajak avlodlar manfaatlari uchun xizmat qiladigan muhim omillardan biri hisoblanadi.
Ibrohim Otamirzayev,
Namangan davlat universiteti jinoyat protsessual huquqi kafedrasi mudiri, yuridik fanlari doktori.
O‘zA.