Huquqiy bilimlar maydonida yoshlar bellashishdi
Sirdaryo viloyati Yoshlar markazida yoshlarning huquqiy bilim va savodxonligini oshirish, ularning qonunlarga hurmat ruhini mustahkamlash, huquq va majburiyatlarini chuqur anglashiga ko‘maklashish maqsadida «Yoshlar va qonun» huquqiy tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovda hududlardan tashrif buyurgan yoshlar jamoalari huquqiy bilim, zukkolik, tezkor fikrlash va jamoaviy hamjihatlik borasida o‘z salohiyatini namoyish etdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvda har bir jamoa yuqori natija uchun astoydil harakat qildi.

Tanlovning birinchi sharti — «Huquqiy penalti»da ishtirokchilar qonunchilikka oid savollarga javob berib, o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Qisqa vaqt ichida aniq va to‘g‘ri javob berishni talab etgan mazkur shart bellashuvga dastlabki daqiqalardanoq qizg‘in tus berdi.

Keyingi bosqich — «Sardorlar bellashuvi»da jamoa rahbarlarining huquqiy bilimi va tezkorligi sinovdan o‘tkazildi. Sardorlarga 10 tadan savol berilib, har bir to‘g‘ri javob 0,5 balldan baholandi. Umumiy 10 ball uchun kechgan bahsda har bir javob jamoalarning yakuniy natijasi uchun muhim ahamiyat kasb etdi.

«Konstitutsiya bilimdonlari» shartida esa ishtirokchilar Bosh qomusimizga oid bilimlarini namoyish etishdi. Jamoalar Konstitutsiyada belgilangan inson huquq va erkinliklari, fuqarolarning burch va majburiyatlari, davlat va jamiyat hayotiga oid muhim normalar yuzasidan savollarga javob berib, 5 ball uchun bellashdi.

Tanlovning eng qiziqarli va amaliy ahamiyatga ega shartlaridan biri «Sud majlislari modeli» bo‘ldi. Unda jamoalar mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, odil sudlov tamoyillari va inson huquqlarini ta’minlash masalalarini sud majlisi ko‘rinishida namoyish etdi. Ishtirokchilar sud jarayonini sahnaviy tarzda ifodalash orqali huquqiy bilimlari bilan bir qatorda, ijodiy yondashuvi va jamoada ishlash mahoratini ham ko‘rsatishdi.

Shu tariqa, Nizom talablariga muvofiq, jamoalar to‘rtta shart asosida o‘zaro bellashishdi. Har bir bosqichda ishtirokchilarning huquqiy savodxonligi, mantiqiy fikrlashi, tezkor qaror qabul qilishi, o‘z fikrini erkin ifodalashi va jamoaviy ishlash qobiliyati baholandi.


Bellashuvlar yakunida hakamlar hay’ati jamoalarning barcha shartlar bo‘yicha to‘plagan ballarini hisoblab, g‘olib va sovrindorlarni aniqladi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Mirzaobod tumanidagi Navro‘z mahallasining «Targ‘ibot» jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Sirdaryo tumani Oqibat mahallasining «Yuristlar» jamoasi ikkinchi, Guliston tumani Ibrat mahallasining «Liderlar» jamoasi esa uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.



G‘olib va sovrindor jamoalarga Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasining diplomlari hamda qimmatbaho sovg‘alar, vaucherlar tantanali ravishda topshirildi. Tanlovni adolatli va shaffof baholashda ishtirok etgan hakamlar hay’ati a’zolariga ham tashakkurnomalar topshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri