Huquqbuzarlikning oldini olish – muhim vazifa
Andijonda voyaga yetmaganlar hamda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi qoshida voyaga yetmaganlar hamda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha tashkil etilgan shtab a’zolari – viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi, mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish, Yoshlar ishlari agentligi boshqarmalari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokidagi hisobot yig‘ilishida joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida voyaga yetmaganlar hamda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, mavjud muammolar muhokama etildi.


Yig‘ilishda so‘z olgan viloyat hokimining o‘rinbosari N. Mo‘minov, viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari I.Ismanov voyaga yetmaganlar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar, ularni keltirib chiqarayotgan omillar xususida to‘xtaldi. Bu kabi salbiy holatlarni bartaraf etish, kelib chiqishining oldini olish, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar ro‘yxatini qaytadan shakllantirish, ular bilan muloqotlar o‘tkazish, muammolarini o‘rganib, mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda ular bilan ish tashkil etish lozimligi qayd etildi.


Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish va ijobiy natijadorlikka erishish yuzasidan shtab a’zolari hamda mutasaddilarga tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
Yakunida shtab a’zolari hamda mutasaddilar tomonidan bu borada kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi.


F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA