Huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid qonunchilik takomillashtiriladi
Huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va o‘z vaqtida oldini olish turli ko‘ngilsiz oqibatlarni bartaraf etishda muhim omil hisoblanadi.
Bu borada 2026-yil 27-yanvar kuni o‘tkazilgan Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar dolzarb ahamiyatga ega.
Mazkur vazifalar doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish, amaldagi huquqiy normalarni qayta ko‘rib chiqish va zamonaviy talablar asosida takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan Prezident topshiriqlari ijrosini ta’minlash doirasida joylarda amaliy o‘rganishlar ham olib borilayotgani qayd etildi. Xususan, deputatlar tomonidan Toshkent shahrining Chilonzor, Yunusobod, Olmazor, Yakkasaroy, Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek tumanlarida jinoyatchilik holati, uning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlari atroflicha o‘rganildi.
O‘rganishlar jarayonida huquqbuzarliklarning oldini olish tizimida mavjud muammolar, profilaktika ishlarining samaradorligi, mahalla va sohaviy idoralar o‘rtasidagi hamkorlik holati tahlil qilindi. Olingan natijalar qonunchilikni yanada takomillashtirishda muhim asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilish davomida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Ichki ishlar vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar, soha mutaxassislari hamda huquqshunos olimlarning fikr-mulohazalarini o‘rganish, ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish hamda puxta qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini yanada takomillashtirish orqali jamiyatda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan kompleks yondashuvni shakllantirish muhim vazifa sifatida belgilandi.
M.Komilova, O‘zA