Huquqbuzarliklar aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasi xodimlari tomonidan hamkorlikda navbatdagi nazorat reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Reyd davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi cho‘l hududida 2 nafar shaxs 4 dona noqonuniy ov quroli yordamida 8 dona quyon va 1 dona bo‘rsiqni noqonuniy ovlaganligi aniqlandi. Holat yuzasidan tegishli hujjatlar asosida 4 dona ov quroli olib qo‘yildi.
Mazkur huquqbuzarlik noqonuniy ov quroli bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli dastlabki to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish maqsadida tegishli organlarga yuborildi.
Yana bir holatda Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanidagi cho‘l hududida 4 nafar shaxs o‘z boshqaruvida bo‘lgan transport vositasida baliq ovlashda taqiqlangan ov qurollari bilan ov qilishni rejalashtirganligi ma’lum bo‘ldi. Huquqbuzarlik o‘z vaqtida to‘xtatildi. Ularga nisbatan 32 million 960 ming so‘m miqdorida jarima tayinlandi.
Hayvonot va o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan foydalanish, ov qilish va baliq ovlash qoidalariga rioya e’tilishi bo‘yicha nazorat reyd tadbirlari davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri