Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligiga tegishli huquqiy normativ hujjatlarga asosan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallashni aniqlash, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik holatini aniqlash, yerdan maqsadli foydalanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish borasida tizimli ishlarni amalga oshirish vazifasi belgilangan.
Belgilangan vazifalar ijrosi doirasida agentlik qanday ishlarni amalga oshirmoqda?
Kadastr agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Allaberganovning ma’lum qilishicha, 2021 yil va joriy yil 1 iyun holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallash bilan bog‘liq 24 ming 511 holat aniqlangan.
– Agentlik organlari tomonidan berilgan yozma ko‘rsatmalar asosida 11 ming 228 ta holatda 3 050,5 gektar maydondagi qonun buzilishlarni ixtiyoriy bartaraf etilishi ta’minlangan, – deydi Kadastr agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Allaberganov. – O‘zboshimchalik bilan egallangan maydonlarni qaytarish haqida sudlarga 11 ming 687 da’vo arizalari kiritildi. Yerga oid qonun buzilishi holatlarida jinoyat alomatlari kuzatilgan 1 ming 782 ta ish hujjatlari prokuratura organlariga yuborildi. Olib borilgan nazorat tadbirlarda joriy yilda 44 ming 438 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Bundan tashqari, hokimliklarga 519 holatda taqdimnomalar kiritildi. Natijada, 151 gektar yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar bekor qilinib, maqsadsiz foydalanilgan yerlar zaxiraga qaytarilishi ta’minlandi.
Kadastr agentligi tomonidan yerga oid qonun buzilish holatlarini oldini olish maqsadida 4 ming 408 marotaba profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Yer va kadastr nazoratini avtomatlashtirish, korrupsiya holatlarini oldini olish maqsadida yerga oid huquqbuzarliklarni aniqlashdan bartaraf etilgunga qadar monitoringini yurituvchi “E-YER NAZORAT” avtomatlashtirilgan axborot tizimi amaliyotga joriy etildi.
Birgina joriy yilning o‘tgan 5 oyida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash bilan bog‘liq 4 ming 652 holat aniqlandi. Huquqbuzarlarga berilgan yozma ko‘rsatmalar asosida 3 ming 241 holat belgilangan muddatda ixtiyoriy bartaraf etilganligi sababli, huquqbuzarlar jami 22 milliard so‘mdan ortiq ma’muriy jarimadan ozod etildi.
Hozirda nazoratda bo‘lgan 1 ming 411 holatda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallagan shaxslardan ham belgilangan muddatlarda huquqbuzarlik holatlarini ixtiyoriy bartaraf etilgan taqdirda ma’muriy jarimadan ozod etiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA