Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida fikr yuritganda, uyushmagan yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni jiddiy nazorat qilish lozimligini bot-bot takrorlaydi.
Bu bejiz emas, albatta. Negaki, o‘z nomi bilan aytganda, uyushmagan – hech qayerda o‘qimaydigan yoki ishlamaydigan yoshlarning jinoyat ko‘chasiga qadam qo‘yish ehtimoli yuqori. Chunki ularni aldash, mo‘may daromad yoxud boshqa turdagi manfaatdorlik evaziga qing‘ir yo‘lga og‘dirib olish qiyin emas.
Shu bois, ularning huquqiy madaniyatni oshirish, ular ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq normalarini chuqur singdirib borish zarur.
Bosh qomusimiz hamda boshqa qonun normalarida o‘z ifodasini topgan yoshlarning huquq va majuriyatlarini o‘rgatish, ulardan qanday foydalanish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq berib borish foydadan xoli emas.
Zero, kuchli huquqiy bilimga ega yosh avlod bizning kelajagimiz, jamiyatimiz tayanchi hisoblanadi.
2021 yilda mahallalarda shakllantirilgan “Yoshlar daftari” ham farzandlarimizni e’tiborsiz qoldirmaslik, ularning ilm olishi, ish bilan ta’minlanishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga qaratilgan.
Toshkent viloyatida bir guruh yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda shu haqda so‘z yuritildi.
Uchrashuvda Qibray tumani sudining raisi Sanjar Dusmanov yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar, ularning nima sababdan sodir etilayotgani haqida mulohazalarini bildirdi.
Yoshlarga qonunchilikdagi huquqlari va burchlari haqida ma’lumot berilishi bilan bir qatorda sohaga joriy etilayotgan yangiliklar xususida ma’lumot berildi.
Tadbirda ishtirok etgan tuman prokuraturasi xodimlari, profilaktika inspektorlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari yoshlar bilan muloqot qilish birga ularni qiynayotgan masalalarni ham muhokama qildilar.
Yoshlarga zarur huquqiy maslahatlar, tumandagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berildi.
O‘zA