Huquq sohasida yangi tizim qulay va samarali
bugungi kunda hayotimizning axborot texnologiyalari kirib bormagan sohasi qolmadi.
Qaysi bir sohani olmaylik zamonaviy axborot texnologiyalari yangilanishlarning muhim omiliga aylanmoqda.
Jumladan, huquq sohasida axborot texnologiyalarining kirib kelishi fuqarolarning vaqt va mablag‘lari tejalishi bilan birga ularga ko‘pgina qulaylik yaratmoqda. Ushbu jarayon o‘z navbatida davlat boshqaruvi organlari faoliyati tezlashishiga, ularning ishiga oshkoralik berilishiga, faoliyat sifati yangi bosqichga ko‘tarilishiga olib keldi.
Adliya organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga sifatli yuridik xizmat ko‘rsatish sohasida axborot texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, o‘z-o‘ziga huquqiy xizmat ko‘rsatish-“Legal Tech” elektron axborot tizimi bu yuristlar yoki advokatlar ishtirokisiz huquqiy hujjatlarni, xususan yuridik shaxslar faoliyatida foydalaniladigan korporativ hujjatlar namunalarini, jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan shartnomalar, arizalar, iltimosnomalar, bitimlar kabi boshqa huquqiy hujjatlar namunalarini avtomatlashtirilgan holda elektron shaklda tayyorlash imkoniyatini beruvchi tizim hisoblanadi.
Xalqaro tajribaga nazar tashlaydigan bo‘lsak iqtisodiy va texnikaviy jihatdan rivojlangan ko‘pgina xorijiy davlatlar «Legal Tech» elektron axborot tizimidan keng foydalanib kelayotganligini ko‘rish mumkin.
Dunyodagi eng yirik auditorlik kompaniyalarining “katta to‘rtligi”ga kiruvchi Buyuk Britaniyada joylashgan Zion Market kompaniyasining tahlillari va prognozlari bo‘yicha 2026 yilga kelib «Legal Tech» elektron axborot tizimlarining yillik o‘sishi o‘rtacha 36 foizni, daromadlari esa 37 milliard AQSH dollarini tashkil etadi.
Mazkur sohada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Delayt komapaniyasining tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, hozirda dunyodagi kompaniyalarning 18 foizi «Legal Tech» elektron axborot tizimidan foydalanib kelayotgan bo‘lsa, keyingi 5 yilda bu ko‘rsatkich 52 foizni tashkil etadi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunga qadar O‘zbekistonda o‘z-o‘ziga huquqiy xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan elektron axborot tizimi mavjud emas edi. Hozirgi globallashuv, ilmiy-texnik taraqqiyot davri aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishning innovatsion usullaridan, xorijiy davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribalaridan foydalanish zaruratini yuzaga keltiradi.
Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” Strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoniga asosan o‘z-o‘ziga huquqiy xizmat ko‘rsatish – “Legal Tech” axborot tizimini yaratish belgilangan.
Rivojlangan mamlakatlarning bu boradagi ijobiy tajribalaridan kelib chiqqan holda “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tomonidan o‘z-o‘ziga huquqiy xizmat ko‘rsatish axborot tizimi “Yurxizmat.uz” domenida tashkil etildi. “Yurxizmat.uz” domenida 2021 yil 1 apreldan test rejimida ishga tushirildi. Tizim taqdimoti “Tashkent Law Spring” II xalqaro yuridik forumi doirasida o‘tkazildi.
Mazkur tizim kichik va o‘rta biznes vakillari, aholining kam ta’minlangan qatlamlari, shuningdek, boshqa fuqaro va tashkilotlar foylanishi uchun mo‘ljallangan. Tizimning qulayligi shundaki foydalanuvchilar tizimga kirib o‘zlariga kerakli huquqiy hujjat turini tanlab, ish holatlari yuzasidan beriladigan bir necha savollarga javob berish orqali avtomatlashtirilgan holda shakllantirilgan hujjatni olishlari va undan foylanishlari mumkin.
Tizimning ishga tushirilishi nafaqat foydalanuvchilar, davlat organlariga ham katta qulaylik yaratadi. Chunki hozirga qadar O‘zbekistonda huquqiy hujjatlarning avtomatlashtirilgan bepul bazasi mavjud emas edi. Bu esa, o‘z navbatida huquqiy hujjatlar tuzishda ortiqcha vaqt va resurs sarflanishiga sabab bo‘layotgan edi. Endilikda internetdan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan har bir shaxs hujjatni tizim orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiylashtirib olishi mumkin.
Shuningdek, tizim aholining davlat organlariga huquqiy hujjat namunalarini so‘rab murojaat qilish holatlarini bartaraf etib, davlat organlarining ushbu ishlarga sarflaydigan vaqtini boshqa ustuvor vazifalariga yo‘naltirish imkonini ham beradi.
Eng asosiysi, hujjatlar namunalarini noto‘g‘ri rasmiylashtirish orqali yuzaga keladigan ovoragarchiliklarning oldi olinadi. Natijada iltimosnoma, ariza yoki talabnoma kabi arzimagan huquqiy hujjat tayyorlash uchun ham advokat yoki huquqshunosga murojaat qilishga zururat qolmaydi.
Mazkur tizimning yaratilishi pandemiya sharoitida kichik va o‘rta biznes vakillari, aholining kam ta’minlangan qatlamlari ortiqcha sarson bo‘lishining oldini olish, ularning vaqti va mablag‘larini tejash, yuristlar (advokat) ishtirokisiz bepul yuridik yordam olish, zamonaviy usullardan foydalangan holda huquqiy savodxonliklarini oshirib borishga imkon yaratdi.
bugungi kunda tizimda 400 dan ortiq huquqiy hujjatlar mavjud bo‘lib, yangi hujjatlarni kiritish ishlari davom etmoqda.
Saytda 1)sudga oid hujjatlar, 2)shartnomalar, kelishuv, bitimlar, ishonchnomalar, 3) korporativ hujjatlar, 4) shaxsiy tarkibga oid hujjatlar, 5) ariza, iltimosnomalar namunalari, 6) notarial tasdiqlanadigan hujjatlar kabi bo‘limlar tashkil etilgan. Tizimdan foydalanishni yanada qulaylashtirish maqsadida mazkur bo‘limlar o‘z navbatida 71 ta sohalarga bo‘lingan.
Hozirda tizimni takomillashtirish ishlari davom ettirilayotgan bo‘lib, foydalanuvchilarga qulaylik yaratish, sarflanadigan vaqtni yanada tejash maqsadida tizimda hujjatlarni shakllantirish jarayonida foydalaniladigan standart ma’lumotlarni avtomatlashtirish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, foydalanuvchilarning talab va takliflaridan kelib chiqqan holda amaliyotda keng qo‘llanadigan sudga oid hujjatlar namunalari tayyorlanib, ular bo‘yicha savolnomalar tuzilib, tizimga kiritib borilmoqda.
Bundan tashqari, hozirda tizimdagi huquqiy hujjatlarni Adliya vazirligining ADVICE.UZ huquqiy axborot portali bilan bog‘lash ishlari ham olib borilmoqda. Mazkur tadbir tizim foydalanuvchilariga qulaylik yaratish bilan birga ularning vaqtini tejash, o‘zlarini qiziqtirgan huquqiy masala bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar olish imkonini beradi.
M. Axmedov,
“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi
bo‘lim boshlig‘i