Xalq deputatlari Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida mahalliy Kengash deputatlari, partiya tuman Kengashi mas’ul xodimlari hamda mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Hunarmandlarning yutuq va muammolari deputatlar muhokamasida
Xalq deputatlari Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida mahalliy Kengash deputatlari, partiya tuman Kengashi mas’ul xodimlari hamda mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masala – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida 2024-2025 yilning o‘tgan davri mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan “Hunarmand” uyushmasi tuman bo‘limi raisi Q.Saidovning axboroti tinglandi.

Tumanda bugungi kunda 400 nafarga yaqin hunarmand faoliyat olib bormoqda. O‘z kasbini e’zozlab kelayotgan soha xodimlarining salkam 200 nafarini ayollar tashkil etadi. Davlatimiz rahbarining qabul qilgan farmon va qarorlari G‘ijduvon tumanida ham milliy hunarmandchilikni yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilab berdi. Hozirgi paytda nafaqat tumanda, balki viloyatda ham hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lgan, “ustoz-shogird” an’anasini izchil davom ettirib kelayotgan Alisher va Abdullo Narzulloyev sulolasi shular jumlasidan.
Buxoro shahrida har yili o‘tkazib kelinayotgan an’anaviy zardo‘zlik va zargarlik festivallarida g‘ijduvonlik kashtachi, zargar, patdo‘zlarning ham qo‘li baland kelib, faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Tumandagi “Qo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘iniga turistik maqomning berilganligi milliy hunarmandchiligimizga qiziqish bildirayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimining ortishiga xizmat qilmoqda.
Yig‘ilishda so‘z olgan O‘zLiDeP tumani Kengashi raisi, deputatlik guruhi rahbari Zamira Safarova Prezidentimizning joriy yil 1 aprelda qabul qilingan “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tumanlarda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha tumanda hali ijrosi yuzasidan zarur bo‘lgan bir qator dolzarb vazifalar borligini, ular hech shubhasiz, hunarmandchilikni ham rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsata olishini ta’kidladi.
Mahalliy Kengash deputati Rohila Shamsiyevaning fikriga ko‘ra, keyingi paytda mahallalar va hunarmandlar o‘rtasidagi hamkorlikda sustkashlik sezilmoqda. Uyushma a’zoligiga qabul qilinganlar sonini oshirish ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak.
Tajribali fermer, mehnat faxriysi Mo‘’tabar Jabborova yig‘ilishda so‘z olib, zardo‘zlar va zargarlar mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun G‘ijduvon buyum bozoridan joy ajratilishi kerakligini ta’kidladi. Musiqa asboblari yasash bilan shug‘ullanib kelayotgan mahalliy tadbirkor Islom Xudoyberdiyev hunarmandlarga belgilanayotgan soliq miqdorlarini qayta ko‘rib chiqish taklifini bildirdi.
Yig‘ilishda ko‘plab masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. Hunarmandchilikni rivojlantirishga oid boshqa bir qator dolzarb vazifalar belgilab olindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.