Hunarmandlarimiz dunyodagi eng yirik xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etadi
Poytaxtimizda Respublika "Hunarmand" uyushmasi mas’ullari Italiyaning GEFI S.p.A. kompaniyasi rahbari Antonio Intigliyetta bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimiz hunarmandlarining “Artigiano in Fiera” xalqaro ko‘rgazmasidagi ishtiroki samaradorligini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, hunarmandchilik mahsulotlarini targ‘ibot materiallari, kataloglar va tarqatma vositalar bilan boyitish, namoyish etilayotgan mahsulotlar assortimentini kengaytirish hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.

Ma’lumki, “Artigiano in Fiera” dunyodagi eng yirik va nufuzli xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazmasi bo‘lib, har yili Italiyaning Milan shahrida o‘tkaziladi. Tadbir dunyoning turli burchaklaridan minglab hunarmandlarni jamlab, turli mamlakatlar madaniyati va mahsulotlari bilan tanishish imkonini beradi. Ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar nafaqat hunarmandchilik mahsulotlarini tomosha qiladi, balki hunarmandlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahsulotlar va milliy taomlarni sotib olishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, milliy hunarmandchilik merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib etish va yangi imkoniyatlarni yaratish borasida kelishuvlarga erishdi.
Ta’kidlanganidek, ushbu muloqot O‘zbekiston hunarmandlarining jahon bozoridagi o‘rnini mustahkamlash va milliy mahsulotlarimizning xalqaro tan olinishiga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA