Hunarmandlar mahsulotlari savdo yarmarkasi
Andijon shahridagi "Navruz Mall" majmuasida hunarmandchilik mahsulotlari savdo yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
“Hunarmand” uyushmasi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan savdo yarmarkasida viloyatda kulolchilik, o‘ymakorlik, temirchilik, pichoqchilik, do‘ppido‘zlik, kashtachilik, milliy matolar, qo‘g‘irchoq, turli suvinerlar, miniatyura san’ati va boshqa hunarmandlik mahsulotlari tayyorlash bilan shug‘ullanayotgan hunarmandlar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Savdo yarmarkasi ochilishida so‘z olganlar tomonidan mamlakatimizda keyingi yillarda hunarmandlar, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, hunarmandchilikning o‘ziga xos an’analarini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, hunarmandlarning emin-erkin va samarali ish olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotganligi ta’kidlandi.
Savdo yarmarkasida hunarmandlar, xususan, 20 dan ortiq hunarmandlar sulolasi vakillari tomonidan namoyish etilgan bejirim, rang-barang va o‘ziga xos hunarmandchilik mahsulotlari, buyumlarini aholi va yarmarka mehmonlari katta qiziqish bilan tomosha qildi.
Yarmarka doirasida viloyat hokimligi, "Hunarmand" uyushmasi viloyat boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi huzuridagi Biznes-ombudsmanning Andijon viloyatidagi vakili hamkorligida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, axborot xizmatlari vakillari, blogerlar, usta hunarmandlar ishtirok etgan anjumanda "Hunarmand" uyushmasi Andijon viloyati boshqarma boshlig‘i O‘tkirbek Arabboyev 2023 yilda viloyatda hunarmandchilik yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar hamda joriy yildagi rejalar bo‘yicha ishtirokchilarga keng ma’lumotlar berdi.
[gallery-15913]
Shuningdek, anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsmanning Andijon viloyatidagi vakili Murodjon Hoshimov tadbirkor va hunarmandlarning huquq va manfaatlari himoyasi, ularga yaratilgan imtiyoz va qulayliklar haqida ham ma’lumotlar berib o‘tdi.
Anjumanda ishtirokchilar tomonidan viloyatda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddilar batafsil javob qaytardi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA