Hunarmandchilik aloqalari kengaymoqda
Mamlakatimizda hunarmandchilik sohasini rivojlantirish yo‘lida samarali ishlar olib borilmoqda. Prezidentimizning joriy yil avgust oyida mamlakatimiz ishbilarmon doiralari vakillari bilan muloqoti soha rivoji, xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun yangi ufqlarni ochib bermoqda.
O‘tgan oy Rigada Latviyaning "Outdoor Media" kompaniyasi tomonidan asos solingan o‘zbek savdo uyining ochilish marosimida bu jihatlar yana bir karra namoyon bo‘ldi. Tashkil etilgan Savdo uyi o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini Latviya bozoriga chiqarishga ko‘maklashish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatga molikdir.

O‘zbekiston Respublikasining Latviyadagi elchixonasi ko‘magida Yevropa mamlakatlariga eksport hajmini rivojlantirish bo‘yicha ishlar doirasida o‘zbek savdo uyi rahbari V. Galperin tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi "Hunarmand" uyushmasida Rigada tashkil etilgan o‘zbek savdo uyi rahbari bilan "Hunarmand" uyushmasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
– O‘zbek hunarmandchiligi uzoq tarixga ega. O‘zining xilma-xilligi, keng tarmog‘ligi va o‘ziga xos uslubi bilan kishini o‘ziga jalb qiladi. Shu boisdan ham o‘zbek hunarmandchilik namunalariga talab oshib bormoqda. bugungi uchrashuv ham hamkorligimizning rivojlanishiga xizmat qiladi, - deydi V.Galperin.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida hunarmandchilik yo‘nalishida hamkorlik aloqalarini kengaytirish, hamkorlik shartnomalarini imzolash, o‘zaro aloqa almashish xususida suhbatlashildi. Shuningdek, uchrashuv davomida «Hunarmand» uyushmasi tasarrufidagi «Craft and art» MCHJ bilan shartnomalar imzolandi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA