O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi tomonidan “Hunarmandchilikni rivojlantirish: an’anaviy san’atdan innovatsion biznesgacha” mavzuida davra suhbati hamda “Hunarmand” jurnalining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Respublika “Hunarmand” uyushmasi hamda “Humo dokumentariy” MCHJ o‘rtasida o‘zaro memorandum imzolandi.
Ta’kidlanganidek, memorandumda tomonlar O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning madaniy merosini, an’anaviy hunarmandchilik san’atini saqlash va ommalashtirish, hunarmandchilik merosi bo‘yicha hujjatli filmlar, multimedia loyihalari va raqamli arxivlarni yaratish va targ‘ib qilish, qo‘shma ko‘rgazmalar, festivallar va madaniy tadbirlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, an’analarni yosh avlodga yetkazishga qaratilgan ta’lim va tadqiqot tashabbuslarini o‘tkazish, hunarmandchilikning kashtachilik, milliy o‘yinchoqlar yasash, kulolchilik, yog‘och o‘ymakorligi, gilamdo‘zlik, milliy cholg‘u asboblarini yaratish turlarini rivojlantirish va ommalashtirishga ko‘maklashadi.
Tadbir davomida “Humo dokumentary” MCHJ tomonidan O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo madaniy merosini saqlash va ommalashtirish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan platformasining hamda “Hunarmand” uyushmasi ta’sischiligida chop etilgan “Hunarmand” jurnalining taqdimoti o‘tkazildi.
[gallery-22787]
Tadbirda qayd etilganidek, “Hunarmand” jurnalining birinchi soni o‘zbek amaliy san’atining ko‘p asrlik an’analariga, hunarmand ustalarimizning badiiy tajribasiga bag‘ishlanadi. Jurnal mazmuni yetakchi usta-hunarmandlar bilan suhbatlar, badiiy hunarmandchilik rivojining tendensiyalari va e’tiborga molik ko‘rgazmalar haqidagi tahliliy maqolalar, kam o‘rganilgan yoki unitilayotgan an’analarga bag‘ishlangan materiallar hamda tarixiy ocherklarni o‘z ichiga olgan.
Tadbirda lider hunarmandlar ham ishtirok etib, mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari hamda bu boradagi muammolar va ularning yechimlari haqida so‘z yuritdi.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA