Yurtimiz bo‘ylab qulay, hamyonbop va xavfsiz aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ygan “Humo Air” aviakompaniyasi samolyotlarining navbatdagi manzili Toshkent – Farg‘ona – Toshkent yo‘nalishi bo‘ldi.
Bugun, 9 yanvar kuni ilk parvozni amalga oshirgan samolyot qatnovi Toshkent xalqaro aeroportidan Farg‘onaga seshanba va payshanba kunlari soat 14:20 da, Farg‘onadan Toshkentga esa shu kunlari 15:45 da yo‘lga qo‘yildi.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, ushbu yo‘nalish bo‘yicha shanba kuni ham aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, Toshkent – Farg‘ona yo‘nalishida soat 10:15 da, Farg‘ona – Toshkent yo‘nalishida xuddi shu kuni 11:40 da parvoz qiladi.
– “Humo Air” tomonidan poytaxtimizdan amalga oshirilayotgan muntazam reyslar qator afzalliklarga ega. Bu reyslar aholimizga qulay va samarali sayohat qilish imkonini beradi. Reyslarning joriy etilishi hududning iqtisodiy o‘sishiga ulkan hissa qo‘shadi , – dedi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Xurshidjon Ahmedov.
Qayd etish joiz, mazkur yo‘nalishdagi parvozlar 180 yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Shuningdek, ertaga – 10 yanvar kuni “Humo Air” Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ham ilk parvozni amalga oshiradi. Ushbu reysning uchish vaqti haftaning chorshanba va shanba kunlari Toshkentdan Buxoroga 10:15 da, poytaxtga qaytish esa 12:00 etib belgilangan.
Darhaqiqat, endilikda nafaqat xorijliklar, balki mahalliy sayyohlar ham hamyonbop narxlarda parvoz qilib, diyorimizning betakror manzillaridan bahra oladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur aviakompaniya 2023 yil 15 dekabrdan mamlakatimizning to‘rtta shahri – Nukus, Samarqand, Urganch hamda Qarshiga parvozlarni boshlagan edi.
Shu yil 7 yanvardan esa aviakompaniya Termiz, Qarshi, shuningdek, Samarqand – Urganch – Samarqand yo‘nalishida qatnovlarni amalga oshirgan edi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA