Hukumatning vakolatlari yanada takomillashtirilmoqda
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar bir qator qonun loyihalarini muhokama qildi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunga yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada belgilangan normalardan kelib chiqib tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda, — dedi Vazirlar Mahkamasi Bosh vazir kotibiyati Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamenti rahbari Mirzohid Yakubov. — Ma’lumki, yurtimizda keng ko‘lamli ma’muriy islohotlar amalga oshirilib, ko‘pgina vazirlik va idoralar qisqartirildi, ayrimlari birlashtirildi yoki yangidan tashkil etildi. Endilikda mazkur o‘zgarishlarning barchasi ushbu qonunda o‘z aksini topmoqda.
Hukumatning iqtisodiyot, byudjet, moliya va soliq, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ijtimoiy sohalardagi vakolatlari yanada takomillashtirilmoqda. Vazirlar Mahkamasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik xavfsizlikni ta’minlash sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini muvofiqlashtirishi, tabiiy resurslar, xususan, yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish bo‘yicha faoliyatni tashkil etishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, loyiha bilan atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash, Orolbo‘yi mintaqasining ekologik muvozanatini ta’minlash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘rish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini yanada samarali tashkil etish Hukumatning asosiy vazifalaridan etib belgilanmoqda.
Muhokamalarda deputatlar qonun loyihasida nazarda tutilgan ayrim jihatlarga to‘xtalib, uni takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirdi. Jumladan, qonun doimiy hujjat ekanini inobatga olib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi kabilarni umumiy ko‘rinishda nomlash zarurligini bildirdi.
Shuningdek, loyiha O‘zbekiston Ekologik partiyasining dasturiy vazifalarida ko‘zda tutilgan atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatdan oqilona foydalanish va qulay yashash sharoiti yaratish, ekologik muammolarni yaxlit holda hal etishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish kabi ustuvor yo‘nalishlarga to‘la mos ekani qayd etildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA