“Hukumat soati”: Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov deputatlarning savollariga javob berdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” bo‘lib o‘tdi. Unda “Madaniyat muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish, nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish va targ‘ib qilish hamda madaniyat sohasidagi ta’limni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala muhokama qilindi.
Mazkur masala yuzasidan deputatlarning savollariga Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov javob berdi.
Vazir qayd etganidek, mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi to‘qqiz yilda mazkur sohaga oid 4 ta qonun, Prezidentning 35 ta farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 98 ta qarori qabul qilindi. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi hamda jonli ijro san’atini rivojlantirishga qaratilgan qonunlar qabul qilindi. Shuningdek, soha xodimlarining maqomini oshirish maqsadida 15-aprel — Madaniyat va san’at xodimlari kuni etib belgilandi.
[gallery-28092]
Ta’kidlanganidek, madaniyat infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan ishlar natijasida 2 ta zamonaviy teatr, 19 ta madaniyat markazi, 20 ta musiqa va san’at maktabi, 8 ta ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlari hamda 5 ta oliy ta’lim muassasasi tashkil etildi.
Milliy an’ana va qadriyatlarimizni yosh avlodga yetkazish maqsadida
O‘zbek milliy maqom san’ati va Respublika baxshichilik san’ati markazlari tashkil etildi, hududlarda namunaviy maqom va baxshichilik ansambllari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Aholiga sifatli madaniy xizmat ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, “Bahor” davlat raqs ansambli, Andijonda yoshlar simfonik orkestri va Farg‘onada milliy simfonik orkestrlar faoliyati tashkil etildi. Shuningdek, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti kabi yangi oliy ta’lim muassasalari tashkil etildi.
29 ta xorijiy mamlakatda O‘zbekiston madaniyati kunlari tashkil etilgan. Madaniyat va san’at yo‘nalishidagi xalqaro tanlovlarda 215 nafar yurtdoshimiz sovrindor bo‘lgan.
“Hukumat soati”da deputatlar madaniyat muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdilar. Qayd etilishicha, sohaga davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘lar 2017-yildagi 122,8 mlrd so‘mdan 2026-yilda 1,2 trln so‘mdan ortiqqa yetkazilib, qariyb 10 barobarga oshirilgan. 331 mlrd so‘mlik xususiy sherikchilik shartnomalari tuzilgan.
Bugungi kunda 839 ta madaniyat markazida 3 ming 258 ta to‘garak va badiiy havaskorlik jamoalari faoliyat yuritmoqda. 326 ta musiqa va san’at maktablarida 90 mingdan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda. Umuman, bugungi kunda madaniy ta’lim yo‘nalishidagi talaba o‘quvchilar soni 110 mingdan oshdi.
Muhokamalar davomida deputatlar bir qator savollar bilan vazirga murojaat qildilar va tegishli javoblar qaytarildi.
Muhokamalardan so‘ng kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.
Muhtarama Komilova, Nosir Haydarov (surat), O‘zA