Hujjatlarni uyda imzolash mumkin
Koronavirus pandemiyasi sababli aksariyat tashkilot xodimlari masofadan turib mehnat qilmoqda.
Davlat dasturi amalda
Bu haqda batafsil
“Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu tizim davlat soliq xizmati organlari faoliyatiga tatbiq etilib, qogʻoz hujjatlarning toʻliq elektron shaklda aylanishini taʼminladi.
“Elektron hujjat almashish” tizimidan foydalanish uchun elektron raqamli imzo (ERI)ga ega boʻlish kerak. Bu elektron hujjat qogʻoz shaklidagi hujjat bilan teng va bir xil yuridik kuchga ega boʻlishining asosiy shartidir. Tizim orqali elektron hujjat almashish jarayoni oddiy va oson: yuboruvchi hujjatni yaratadi. Uni elektron raqamli imzo bilan imzolaydi va qabul qiluvchiga yuboradi. Hujjat qabul qiluvchiga yetib borishi uchun bir necha soniya kifoya. Agar hujjatda biror bir kamchilik boʻlsa yoki tuzatish talab etilsa, qabul qiluvchi uni imzolashni rad eta oladi. Yuboruvchi esa “Yuborilgan”, “Qabul qilingan”, “Imzolangan”, “Kelishilgan”, “Rad etilgan” holatlar va ularning vaqti, yaʼni hujjat harakatini muntazam kuzatib bora oladi. Qabul qilingan va yuborilgan hujjatlar tizimning “Arxiv” boʻlimida jamlanib boradi.
Tizim foydalanuvchilari “SMS xabar yuborish” xizmati orqali oʻzaro muloqot qilishi va axborot almashishi mumkin. “Elektron pochtaga xat yuborish” funksiyasi ham ayni maqsadga xizmat qiladi. Elektron hujjat qachon, kim tomonidan yaratilgan, kim bilan kelishilgan yoki imzolangan, ijro muddati yoki nazoratdan olingan vaqtiga oid maʼlumotlar “Elektron hujjat tarixi”da aks etadi.
Soliq toʻlovchilarga yuborilayotgan hujjatlar shu tizim orqali imzolanib, uning “shaxsiy kabinet”iga avtomatik tarzda yetkaziladi. Hujjatdagi QR-kodni skanerlash orqali paydo boʻlgan linkka kirib, elektron hujjatni uning asl nusxasi bilan solishtirish, yaʼni haqiqiyligini tekshirish mumkin.
Uyda ham foydalanish mumkin
Markaz mutaxassislari tomonidan EHA mobil ilovasi ham ishlab chiqilgan. Uning yordamida istalgan vaqt va manzilda hujjatlarni imzolash, topshiriqlarni masʼul ijrochilarga yoʻnaltirish, ijrosini nazorat qilish mumkin. Foydalanuvchining telefoniga yangi topshiriqlar haqida xabarlar oʻz vaqtida kelib turadi.
Mobil ilovada xodim nechta topshiriq ijrosini taʼminlashga masʼul ekani aniq-ravshan koʻrinib turadi. Topshiriqlarni oldindan rejalash imkoniyati ham mavjud. Unga koʻra, bugun, erta va indin qaysi topshiriqlar ijrosi taʼminlanishi kerakligidan tizim ogoh etib turadi.
Nega muhim?
Xarajat tejaladi. EHA tizimi qogʻoz xarajatlarini sezilarli darajada tejaydi. Keling, hisoblab koʻramiz: shu yilning birinchi choragi yakuni boʻyicha tizim orqali chiqqan xatlar soni 635 mingtadan ortiqni tashkil etmoqda. Hisob-kitob qilsak, joriy yilning uch oyi mobaynida faqatgina yuborilgan elektron hujjatlar evaziga 3,1 tonna qogʻoz tejab qolindi.
Mana shu qisqa vaqt ichida EHA tizimi orqali 440 mingta elektron hujjat kirim qilindi. Agar ular oʻrtacha ikki varaq deb hisoblansa, tejamkorlik hajmi 4,4 tonnaga yetadi. Demak, bu borada izohga hojatga yoʻq.
Bundan tashqari, ushbu tizim hujjatlarni yetkazib berish, roʻyxatdan oʻtkazish va tasdiqlash vaqtini kamaytiradi. Axborot almashish va hujjatlarni qayta ishlash xarajatlarini ham qisqartiradi. Tashkilotdagi qogʻoz hujjatlar sonini keskin kamaytiradi.
Hujjatlar yoʻqolmaydi. Begona shaxslarning qoʻliga tushib qolmaydi, elektron arxivda markazlashtirilgan holda ishonchli va xavfsiz saqlanadi.
Ish jarayoni avtomatlashadi. Elektron hujjatni yaratish, imzolash, oʻzgartirishlar kiritish avtomatik tarzda amalga oshadi. Xodimlar va rahbariyat hujjatni qogʻozda tuzatishi yoki qayta yozishi shart emas.
Vaqt va joy tanlamaydi. Bir hujjatni tashkilotning barcha xodimi bir vaqtning oʻzida koʻra oladi. Natijada tashkilotda yagona axborot makoni yaratiladi. Korporativ maʼlumotlarga kecha-kunduz kirish imkoniyati paydo boʻladi.
Xullas, vaqt tejalishi, xarajatlar qisqarishi va ish unumi ortishi Markazning mazkur loyihasi samarasini amalda namoyon etib kelmoqda. Bu jihatlar ayniqsa, hozirgi murakkab vaziyatda har bir tashkilot, har bir xodim uchun yana-da muhim va dolzarb boʻlib turibdi.
Farruh NORMURODOV,
“Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot
markazi mutaxassisi