Hujjatlarni soxtalashtirgan xususiy notariuslar
Ular aybiga iqror bo‘lish o‘rniga, qilmishlarini xaspo‘shlashga uringan.
Notarius tasdiqlaydigan hujjat qonuniy bo‘lishi shart. Shunda fuqarolarning haq-huquqlariga putur yetmaydi. Bu esa notarius kasbi juda katta mas’uliyat talab qilishini anglatadi.
Notariusning noto‘g‘ri harakati oqibatida fuqarolar katta miqdorda moddiy zarar ko‘rishi mumkin. Lekin shaxsiy manfaatini ustun bilgan ayrim notariuslar o‘z xatolarining mohiyatini tushinishni istamasdan, turli usullar bilan adliya organlari va Malaka komissiyalari faoliyatiga ta’sir o‘tkazishga harakat qilmoqda.
Adliya vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, shu yilning iyun oyida 243 holatda xususiy notariuslar tomonidan kommunal xizmatlar va majburiy to‘lovlardan qarzi mavjud bo‘lsada, notarial harakat rasmiylashtirilganligi uchun 84 nafar notariusning litsenziyasi 15 kun muddatga to‘xtatildi.
Ammo jazodan qutilib qolish maqsadida Jizzax viloyatidagi xususiy notariuslar A. Haydarov, M. Malikov, U. Abdujalilov, Sh. Tojiboyev va B. Murtazovlar, Andijondagi xususiy notariuslar A. Ahmadjonov va G. Rahimovalar, Namangandagi xususiy notarius A. Artikov va Toshkent shahridagi xususiy notariuslar M. Shodmonova, Sh. Qalandarova soxta ma’lumotlar asosida “qarzi yo‘q” degan hujjat shakllantirib, adliya organlarini chalg‘itishga uringan.
Notarius kasbiy faoliyatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan hujjatlarni qalbakilashtirish kabi qo‘pol qonunbuzilish uchun hududiy malaka komissiyalari qarori bilan ularga berilgan litsenziyani amal qilishi 3 oygacha muddatga to‘xtatilgan. Tegishli materiallar esa huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.
Agar notarius kamchilikka bilmasdan yoki e’tiborsizlik sabab yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, qonunbuzilishining og‘ir yoki yengilligiga qarab Malaka komissiyalari tomonidan chora belgilanadi. Notariusning bila turib, manfaat ko‘rish yoki nazorat organini chalg‘itish maqsadida ataylab kasbiga mos kelmaydigan harakatlarni sodir etganligi ham komissiyada e’tiborga olinadi.
Qayd etish kerakki, xususiy notarius tashkil etilishi bilan davlat notariuslari faoliyatidagi barham topgan kamchiliklar o‘rniga yangi muammolar ham yuzaga kelgan. Ya’ni, moddiy manfaatdorlik sabab ayrim notariuslar hujjatlarda kamchilik bo‘lsa-da, harakatni rasmiylashtirish, notariuslar o‘rtasida o‘zaro mijoz talashish, kamchiliklarni nazorat organlaridan har xil yo‘llar bilan yashirish kabilar shular jumlasidandir.
Bunday muammolarga barham berish va notariat sohasida qonuniylikni ta’minlash maqsadida o‘tgan yetti oyda o‘tkazilgan monitoring va nazorat tekshiruvlari natijasida qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yganligi uchun 160 nafar xususiy notariusning litsenziyasini amal qilishi turli muddatlarga to‘xtatilgan.
- Notariat sohasini takomillashtirish orqali aholiga sifatli huquqiy xizmat ko‘rsatish tizimini yanada rivojlantirish adliya organlarining asosiy maqsadi hisoblanadi, - deydi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara O‘rinboyeva.- Bu borada halol va samarali ishlayotgan notariuslarni har tomonlama qo‘llab quvvatlaydi. Shu bilan birga, nopok, shaxsiy manfaat ortidan qonunlarni mensimaydigan yoki qo‘pol buzadigan notariuslarga nisbatan qat’iy choralarni ko‘rishni davom etadi. Bunday harakatlarga nisbatan har qancha bosim yoki tahdidlar Adliya organlarining adolatli qaror qabul qilishiga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmaydi.
Ma’lumot uchun: bugungi kunda mamlakatimizda 850 dan ortiq notarius faoliyat yuritmoqda. Shu yilning may oyidan boshlab 95 foiz davlat notariuslari xususiy notarius sifatida ish boshladi va natijada idoralarda uzoq navbat kutish, sansalorlik, qo‘pol muomala kabi tizimli kamchiliklar sezilarli kamaydi. Notarial harakatlarni amalga oshirish vaqti deyarli uch baravarga tezlashdi.
Adliya organlari tomonidan notariuslar faoliyatini elektron monitoring qilish tizimi yaratildi. Ya’ni, avval adliya organlari 3 yilda bir marotaba notariuslarning minglab harakatlari yuzasidan to‘plangan qog‘oz hujjatlarni tanlov asosida 1-2 kun davomida tekshirgan bo‘lsa, hozirgi mavjud elektron tizim qisqa soatlarda barcha notariuslarning hamma harakatlarini tahlil qilish va ulardagi qonunbuzilishlarni aniqlash imkonini beradi.
Muattar Burhonova, O‘zA