“Buxoro sanoat rivojlantirish majmuasi” maxsus sanoat parkida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xodimlarining navbatdagi sayyor uchrashuvi bo‘ldi.
Uchrashuv qurilish ishlari olib borilayotgan mazkur sanoat parkiga xorijdan keltirilayotgan texnologik asbob-uskunalarning bojxona rasmiylashtiruvida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish maqsadida tashkil etildi.

Unda bojxona xodimlari bojxona yuk operatsiyalari bilan bog‘liq har qanday jarayonga yaqindan yordam berishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi. Zero, loyihaning o‘z vaqtida ishga tushirilishida o‘zaro hamkorlikning ahamiyati katta.
Kogon tumani hududida joylashgan mazkur ob’ektga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish orqali yuqori texnologiyalar asosida zamonaviy sanoat quvvatlarini ishga tushirish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, natijada esa yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan. Sanoat parki qurilishining birinchi bosqichida 300 million dollarlik loyiha amalga oshiriladi. Bu viloyat iqtisodiyotiga yiliga 250 million dollar qo‘shilgan qiymat, 250 milliard so‘m soliq tushumi va 100 million dollar qiymatida eksport imkoniyatini taqdim etadi.

Bojxonachilarning navbatdagi sayyor o‘rganish manzili G‘ijduvon tumanida joylashgan “BEK BAGS-BUSINESS” oilaviy korxonasi bo‘ldi.
Korxona, sumka ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, hozirda faqat ichki bozorni sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta’minlab kelmoqda. Bugungi kunda korxonaning ishlab chiqarish quvvati 100 foizga yetgan va kuniga 700-1000 dona ayollar hamda bolalar sport va maktab sumkalari tayyorlanmoqda.

Bojxona organi vakillari tomonidan soha yangiliklari va ishlab chiqaruvchilarga taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida doimiy ravishda ma’lumotlar berib kelinadi. Buning natijasida, korxona vakillari, ayni paytda, bozorning talab va takliflarini tahlil qilib, o‘z mahsulotlarini dunyo miqyosida raqobatbardosh qilish uchun innovatsion yondashuvlarni qo‘llashni rejalashtirmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri