2023 yil 11 oktyabr kuni Prezidentimiz tomonidan turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatini to‘liq ishga solish, “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumini tashkil etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida barcha hududlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi daraxt ekish ishlarini boshlash borasida bir qator topshiriqlar berilgan edi.
Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Navbahor tumanining Armijon mahallasida “Yashil makon” loyihasiga start berildi.
Unda Navoiy viloyat hokimi Normat Tursunov boshchiligida tuman hokimligi, sektor, tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlari, mahalla faollari, nuroniylar, xotin-qizlar hamda yoshlar faol ishtirok etdi.
– Loyiha doirasida tumanimizda 650 ming dona mevali, manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari Jamshid Sobirov. – Ko‘chat ekilishi lozim bo‘lgan hududlar belgilab olinib, hududimiz tabiiy sharoitidan kelib chiqqan holda asosan suvsizlikka va kasalliklarga chidamli qayrag‘och, tut, uzum, yong‘oq, saksovul kabi daraxt hamda buta ko‘chatlari tanlab olindi.
[gallery-14193]
Tashkil etilgan tadbir doirasida 500 nafardan ziyod turli soha va keng jamoatchilik vakili hamjihatlikda tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan Armijon mahallasi hududidagi 7 gektar tashlandiq yer maydoniga 35 ming dona tut ko‘chati ekishdi.
– Bugungi tadbirda biz – xotin-qizlar ham faol ishtirok etyapmiz, – deydi Navkar mahallasi faoli Sabohat Samiyeva. – Bu yerda barcha tashkilot va korxonalar uchun ko‘chat ekish maqsadida alohida-alohida maydonlar ajratilgan. “Onalar bog‘i” deb nomlangan hududga biz ham daraxt ekdik. Hasharda hikmat ko‘p. U birdamlikka, hamjihatlikka asoslangan. Biz ekkan daraxtlar ham, albatta, havoning tozaligiga, qolaversa, tabiatning yashilligiga xizmat qiladi.
Viloyatning barcha hududlarida “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirlari boshlab yuborilgan.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari