Hududlarda ta’lim imkoniyatlari kengaymoqda
Navro‘z umumxalq bayrami arafasida yoshlar uchun yangi ta’lim maskanlari ochildi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan Angren shahrida yangi fakultet hamda xorijiy tillarni o‘qitish markazi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Mazkur hududda tashkil etilgan yangi fakultet dastlab 154 nafar talaba bilan faoliyat boshlagan bo‘lib, hozir bu yerda 20 dan ortiq professor-o‘qituvchilar dars bermoqda. Zamonaviy talablarga javob beradigan o‘quv binosi 1 ming 500 nafar talabaga mo‘ljallangan. Shu bilan birga, 600 o‘rinli talabalar turarjoyi ham to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi.



Ochilish marosimida universitet rektori Ilhomjon To‘xtasinov, Angren shahar hokimi Alisher Rayimov so‘zga chiqib, ushbu yangi maskanlar Toshkent viloyati yoshlari uchun sifatli ta’lim olish, xorijiy tillarni chuqur o‘rganish hamda kelajakda raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishish yo‘lida muhim qadam ekanini ta’kidladi. Tadbirda ishtirok etgan hudud mas’ullari, oliy o‘quv yurti professor-o‘qituvchilari, yoshlar va mehmonlar yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, fakultet hududida birga daraxt ko‘chatlari ekdi.


Yana bir muhim tashabbus sifatida “Migratsiya va xorijiy tillarni o‘qitish markazi” ham ishga tushirildi. Ushbu markaz xorijda ishlashni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun bepul ta’lim berib, ularni xalqaro mehnat bozori talablariga mos holda tayyorlashni maqsad qilgan. Bundan tashqari, Angren shahridagi 2-sonli umumta’lim maktabida ham “Xorijiy tillarni rivojlantirish va o‘qitish markazi” ochilib, maktab o‘quvchilari uchun yangi imkoniyatlar yaratildi.

Mazkur tashabbuslar Toshkent viloyatida ta’lim sifatini oshirish, yoshlarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish hamda ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
A. Musayev, O‘zA