Hududlarda sport sohasidagi ishlar o‘rganildi
Ma’lumki, sport ta’limini yaxshilash, iqtidorli sportchilarni saralash va ularning zaxirasini yaratish hamda murabbiylarni tayyorlash bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari mas’ullarga tegishli topshiriqlarni bergan edi.
Shu maqsadda sport sohasi mutasaddi va mutaxassislari tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar, jismoniy tarbiya va sport tizimidagi mavjud holat tizimli o‘rganib chiqilmoqda.

O‘tgan haftaning so‘nggi kunlarida sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov yetakchiligidagi mutaxassislar Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida, sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov yetakchiligidagi mutaxassislar Andijonda bo‘lib, hududlardagi sport muassasalarining faoliyatini ko‘zdan kechirdi.
Mutaxassislar joylardagi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash markazlarida bo‘lib, sportchi-yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, ta’lim va mashg‘ulot jarayonlari bilan tanishdi.

Yosh sportchilar, ularning murabbiylari bilan suhbatlashishdi. Mavjud muammolar, uning yechimlari bo‘yicha fikr almashishdi. Shuningdek, joylardagi sport majmualariga davlatimiz tomonidan ajratilgan sport inventarlarining holati, ulardan foydalanish tizimlarini o‘rgandi. Zarur tavsiyalar berildi.

Hududlardagi sport majmualari bilan tanishuv asnosida har bir sport federatsiya bo‘limlaridagi mutaxassislar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Muloqotlar davomida ommaviy sport targ‘iboti, seleksiya ishlarini yanada kuchaytirish, terma jamoalarga nomzod sportchilarni tayyorlash, saralash, respublika musobaqalarida hududiy terma jamoalarning ishtiroki borasida fikr almashildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA