Hududlarda jinoyatlarga qarshi kurash nazoratda
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat Kengashi deputatlari, tegishli boshqarma va tashkilot mutasaddilari ishtirok etdi va kun tartibiga kiritilgan bir qator masalalar ko‘rib chiqildi. Xususan, viloyat prokurori A.Mirzayev joriy yilning birinchi choragida hududdagi kriminogen vaziyat, jinoyatlarning barvaqt oldini olish va ularning sabab-omillarini bartaraf etish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti tinglandi.

Qayd etilganidek, o‘tgan davrda 3 ming 347 ta jinoyat aniqlangan bo‘lib, ularning 717 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar hisoblanadi. Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu turdagi jinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan 12 foizga kamaygani ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, kiberjinoyatlar ulushi ortib borayotgani ta’kidlanib, “Yagona cyber markaz” tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Sessiyada oilaviy nizolar, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar tahlil qilinib, bu borada manzilli ishlash zarurligi aytildi. Hisobot davrida Prezidentimiz tegishli qarorlari ijrosiga asosan 412 ta “xavfsiz ko‘cha” va 286 ta “xavfsiz uy” tashkil etilib, videokuzatuv tizimlari joriy qilindi. Natijada mahallalarning 77 foizida jinoyat sodir etilishi oldi olindi.

Shuningdek, ijtimoiy profilaktikadagi kamchiliklar, yo‘l harakati xavfsizligi, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalardagi muammolar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyati Xalq qabulxonasining murojaatlar bilan ishlash holati to‘g‘risida axboroti eshitildi. Unda murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, aholini qiynayotgan muammolarni joyida hal etish, takroriy murojaatlarni qisqartirish hamda mas’ul tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish borasida amalga oshirilgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Sessiya davomida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha deputatlarning fikr va takliflari atroflicha tinglanib, jinoyatlarni barvaqt oldini olishga qaratilgan aniq tashabbuslar ilgari surildi. Muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
A.Musayev, O‘zA