Hududlar rivojida prokurorlarning hissasi bor
8 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni
Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda jinoyatchilikning oldini olishda prokuratura organlarining munosib o‘rni bor. Xalqimizning og‘irini yengil qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikka qarshi kurashishga qaratilgan dasturlar ijrosini ta’minlash, qonunbuzilishiga murosasiz bo‘lish ham prokuratura xodimlarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, prokuratura organlari viloyat, tuman va shaharlarda 2-sektorga mas’ul sifatida hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun munosib turmush va ish sharoiti yaratishga ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Samarqand viloyati prokuratura idoralari ham bu borada keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelayotganini ko‘rish mumkin.
Jumladan, o‘tgan yil viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan Qo‘shrabot tumanining olis qishloqlarida joylashgan 45 va 51-maktablar uchun qo‘shimcha o‘quv binolari qurilib, o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun qulay sharoit yaratildi. Shu paytagacha bu maktablarda o‘quvchilar o‘rni kamligi, yaqin o‘rtada boshqa maktab yo‘qligi sababli darslar ikki navbatda, hatto koridor va sport zalida ham o‘tilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Oqchobsoy mahallasidagi 51-umumta’lim maktabiga viloyat prokuraturasi hisobidan ajratilgan 2,4 milliard so‘m mablag‘ evaziga 220 o‘rinli qo‘shimcha bino qurildi. Shuningdek, muassasaning 2007 yilda qurilgan binosi to‘liq ta’mirlandi, mini futbol maydonchasi va o‘quvchilarning maktab hududiga xavfsiz kirib-chiqishi uchun soy ustida ko‘prik bunyod etildi.
Yuqori Jo‘shdagi 45-umumta’lim maktabida esa 2,1 milliard so‘m mablag‘ evaziga 180 o‘rinli qo‘shimcha bino qad rostladi. Bu yerda ham maktabga kirib-chiqish yo‘lini to‘sgan soy ustida 17 metrlik ko‘prik, bolalarning sport bilan shug‘ullanishi uchun mini futbol maydonchasi qurildi.

Yangi yil bayrami arafasida Ishtixon tumanining O‘zbekqo‘rg‘on mahallasida foydalanishga topshirilgan 200 o‘rinli bog‘cha ham viloyat prokuraturasining depozit hisobi hamda homiylar ko‘magi bilan, jami 7 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etildi.
– Mahallamiz tuman markazidan 35 kilometr olisda, chekka hududda joylashgan, – deydi Ishtixon tumanidagi O‘zbekqo‘rg‘on mahallasi raisi Abdurahim Isonov. – 4200 nafardan ortiq aholimiz bor. Lekin shu paytgacha birorta davlat bog‘chasi yo‘q edi, bittagina xususiy bog‘cha faoliyat ko‘rsatardi. Viloyat prokuraturasi yordami bilan mahallamizda ushbu bog‘chaning qurilishi ko‘p muammolarimizga yechim bo‘ldi, yangi ish o‘rinlari ochildi.
Qo‘shrabot tumanidagi Shovona mahallasida o‘tgan yili “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar boshida ham prokuratura organlari turdi.

Beshta qishloqdan iborat mahallada 1250 ta oila bo‘lib, 5298 nafar aholi istiqomat qiladi. 2913 nafar mehnatga layoqatli aholidan 102 nafari ishsiz edi. Hudud infratuzilmasini yaxshilash jarayonida aholi turmush darajasini oshirishga ham e’tibor qaratilib, 26 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 40 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 30 nafariga tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga amaliy yordam ko‘rsatildi. Ijtimoiy daftarlarda turgan 118 fuqaroga 98 million so‘mlik yordam berilib, 131 nafar fuqaroning 2,3 milliard so‘m bank krediti olishida ko‘maklashildi. Bundan tashqari, 15 nafar shaxsga asbob-uskuna uchun 150 million so‘mlik subsidiya ajratildi. Mahallada tikuvchilik sexi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 20 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. To‘rtta maktab, oilaviy poliklinika ta’mirlandi.
2024 yilda viloyat prokuratura organlari, suv ta’minoti idorasi va boshqa sohalar mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi viloyatdagi suv inshootlarini xatlovdan o‘tkazdi. Bu jarayonda 623 ta suv inshooti ta’mirga muhtojligi sababli faoliyat ko‘rsatmayotganligi aniqlanib, shundan 454 ta suv inshooti faoliyati tiklandi va 414 ming aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Jumladan, Payariq tumani markazidagi beshta mahallada yashovchi aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmaganligi, mavjud tarmoq, suv inshooti va suv saqlash hovuzi yaroqsiz ahvolga kelib qolganligi aniqlandi. Muammoni hal etish uchun Mustaqillik mahallasida 3700 metr, Alisher Navoiy mahallasida 3500 metr va Farovon mahallasida 1500 metr tarmoq tortildi. Bundan tashqari, 1600 metr mavjud tarmoq ta’mirlanib, yangi suv tarmog‘iga ulandi. Bu ishlar natijasida hozircha 217 ta xonadon toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Loyiha yakuniga yetkazilgach, 28 mingdan ko‘proq aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanishi kutilmoqda.
Bu kabi ishlar har bir tuman va shahardagi 2-sektorlar tomonidan amalga oshirilmoqda. Prokuratura organlari xodimlari joylarda muntazam sayyor qabullar o‘tkazib, aholining murojaatlarini tinglamoqda. Hududlarlardagi ijtimoiy ko‘makka muhtoj, kam ta’minlangan oilalarga moddiy, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi tashkil etilmoqda.
Tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqlarini himoya qilish, investitsiya loyihalari amalga oshirilishiga ko‘maklashish borasida ham bugun prokurorlar faol ish olib borayotganini ta’kidlash lozim.
Jumladan, yaqinda Samarqand viloyatida investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda viloyatdagi 38 ta muammoli tadbirkorlik sub’ektining masalasi Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev tomonidan ko‘rib chiqilib, mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida muhokama qilindi. 9 nafar tadbirkorning muammolari joyida hal etilishi ta’minlandi, qolgan muammolarni hal etish yuzasidan muddatlari va mas’ullari aniq ko‘rsatilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri