Hududiy trenerlar o‘quvi boshlandi
Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar saylovini o‘tkazuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolarini o‘qituvchi hududiy trenerlar uchun saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar boshlandi.
To‘rt kun davom etadigan mashg‘ulotlar davomida hududiy trenerlarning bilim va malakasini yanada oshirish, bu yilgi saylov jarayonlaridagi yangilik va o‘zgarishlarni ularga tushuntirish ko‘zda tutilgan.


O‘quv-seminarda Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari ma’ruzalar o‘qishmoqda, saylov qonunchiligidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar, xalqaro tajriba va milliy amaliyot, avvalgi saylovlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularning oldini olish masalalari haqida so‘z yuritilmoqda.


Jumladan, treninglar davomida “Aralash saylov tizimi va uning o‘ziga xos xususiyatlari”, “Saylov komissiyalari tizimi va faoliyatining asosiy jihatlari”, “Saylovda saylovchilarning ro‘yxati bilan ishlash”, “Uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarni jihozlash va mudatidan oldan ovoz berishni tashkil etish”, “Uchastka saylov komissiyasining saylov jarayoni boshqa ishtirokchilari (OAV, kuzatuvchilar, jamoat tartibini saqlashga mas’ul idoralar vakillari) bilan hamkorligi” kabi mavzular muhokama qilinmoqda.

Shuningdek, uchastka saylov komissiyasining ovoz berish kunidagi faoliyati, ovozlarni sanab chiqish va bayonnomalarni to‘ldirish kabi jarayonlar amaliy mashg‘ulotlar orqali tushuntirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari