Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “Hududgazta’minot“ AJ axborot xizmati rahbari Dilorom Jumaniyozovaning ma’lum qilishicha, jamiyat tomonidan 2025 yil boshidan buyon aholi va ulgurji iste’molchilarga 4 milliard 923 million 74 ming metr kub tabiiy gaz yetkazilgan.
Shundan 3 milliard 441 million 910 ming metr kubi aholiga, 1 milliard 481 million 164 ming metr kubi ulgurji iste’molchilarga yo‘naltirilgan. Shuningdek, issiqlik ta’minoti korxonalari 297 million 180 ming, ijtimoiy soha ob’ektlari 63 million 47 ming, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari esa 462 million 21 ming metr kub tabiiy gaz bilan ta’minlangan. 90 ming 463 tonna suyultirilgan gaz iste’molchilarga yetkazilgan.
Olis hududlardagi aholi reja-grafik asosida gaz ballonlari bilan ta’minlanmoqda. Qish mavsumi uchun 35 ming 100 dona gaz balloni va 3,5 ming tonna zaxira shakllantirilgan.
Gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash maqsadida maxsus texnika, butlovchi qismlar va avariya holatlarini bartaraf etish uchun 848 mutaxassisdan iborat brigadalar jalb qilingan.
Yil boshidan buyon 6021 ta noqonuniy gaz iste’moli holati aniqlanib, 81 milliard 300 million so‘mlik gaz hajmi qayta hisob-kitob qilindi. Shuningdek, 30 ta “bunker“ faoliyati fosh etilib, 17,3 ming tonna suyultirilgan gaz talon-taroj qilinishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Gaz ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish doirasida masofadan monitoring va nazorat imkonini beruvchi telemetriya tizimi joriy etildi. Yangilangan gaz taqsimlash punktlarida sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida mazkur loyiha amalga oshirilmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA