Hududda tadbirkorlik muhiti yaxshilanmoqda
Buxoro viloyati Olot tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Bu esa nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga, mahsulot tannarxining barqarorlashishiga ham xizmat qilmoqda.
Xususan, tumandagi Xosabo‘yi mahallasida yashovchi tadbirkor Yoqub Jumayev tomonidan 5 ming bosh broyler jo‘ja parvarishlanadigan parrandachilik xo‘jaligi faoliyati tashkil etildi. Tadbirkorning ma’lum qilishicha, jo‘jalar 10 oktyabr kuni keltirilgan bo‘lib, hozir ularning o‘rtacha vazni 1 kilogrammga yaqinlashgan. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, 40-50 kun ichida har bir broylerning vazni 3-4 kilogrammgacha yetadi va mahsulot 26 ming so‘mdan realizatsiya qilinadi.

Bu tajriba parrandachilik yo‘nalishining iqtisodiy samaradorligini yaqqol ko‘rsatmoqda. Tadbirkor o‘zining oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan bo‘lib, parrandachilik sohasini mahallalarda ham ommalashtirish, parrandalar uchun qulay sharoit yaratish, bosh sonini ko‘paytirish va go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talabni mahalliy darajada qondirish shular jumlasidandir.
Arabxona mahallasidagi “Ergash Istam” fermer xo‘jaligi tomonidan tashkil etilgan sholini qayta ishlash zavodi tumanning iqtisodiy salohiyatini ko‘tarishda o‘z hissasini qo‘shmoqda.

–Loyiha qiymati 5 milliard so‘mni tashkil etadi, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Ikrom Rajabov. –Zavodning ishlab chiqarish quvvati dastlab kuniga 60 tonna, oyiga esa 180 tonnadan ortiq mahsulotni qayta ishlash imkoniyatiga ega. Biz nafaqat sholini yetishtirish, balki uni tayyor mahsulot holatiga keltirishni ham yo‘lga qo‘ydik. Hozir viloyatdagi yagona yirik qayta ishlash loyihasini amalga oshirmoqdamiz. Qo‘shni tuman va shaharlardagi tadbirkorlar ham bu yerda mahsulotlarini qayta ishlashga qiziqish bildirmoqda.

Loyiha doirasida yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Shuningdek, mahalliy xomashyodan samarali foydalanilmoqda.
Bu kabi tashabbuslar tumanda ishbilarmonlik muhitining yaxshilanishi, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy taraqqiyotga erishish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA