Paxtachilikda iyul-avgust oylari bajariladigan agrotexnik tadbirlar hosil cho‘g‘ining yuqori, ertagi va sifatining yaxshi bo‘lishini ta’minlaydi. Ushbu davrdagi eng dolzarb ishlarga g‘o‘zani sug‘orish, mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, qator oralarini chopiq qilish, chuqur yumshatish hamda g‘o‘zani bargidan oziqlantirish kabi tadbirlar kiradi.
Ayni kunlarda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Toxirov hududda amalga oshirilayotgan g‘o‘za parvarishi bilan bog‘liq agrotexnik tadbirlarni o‘rganilmoqda.Tumanda 2025 yilda 8 ming gektardan ortiq yerga chigit ekib, 36 ming tonnaga yaqin paxta hosilini olish reja qilingan.

– G‘o‘za maydonlarida chilpish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish orqali, g‘o‘zaning o‘sish-rivojlanishi jadallashishiga, hosil elementlarining to‘kilmasligiga, gul va ko‘saklar soni oshishiga, ko‘saklarning pishishini 10-15 kunga tezlashishiga hamda hosildorlik 6-8, hattoki 10-12 sentnergacha ortishiga erishiladi, – deydi Xurshid Toxirov.
O‘rganishlar davomida tuman hokimi tomonidan mas’ullarga paxta dalalarida ayni vaqtda bajarilishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar, jumladan, g‘o‘za maydonlariga feremon tutqichlari o‘rnatish, mineral o‘g‘it bilan ishlov berish, ishchi va mexanizatorlarni doimiy rag‘batlantirib borish singari topshiriqlar berilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.