Hosildorlik ipak qurti parvarishiga bog‘liq
Sirdaryolik pillakorlar chilgi hosil — ipak qurti urug‘larini parvarishlashga kirishdi. Birinchilardan bo‘lib Mirzaobod, Boyovut va Guliston tumanlarida boshlangan ipak qurti urug‘larini tarqatish ishlari barcha hududlarda faollashib bormoqda. Bu galgi pilla mavsumi har yilgidan ko‘ra unumli bo‘lishi kutilmoqda. Viloyatda joriy yil 12 ming 256 quti ipak qurti parvarishlanib, mavsum yakunida 711 tonna pilla xomashyosi (ho‘l pilla) olish rejalashtirilgan. Ana shu xirmonda boyovutlik pillakorlarning munosib hissa qo‘shishi tayin.
Boyovut tumanida 370 ta fermer xo‘jaliklari, 979 nafar kasanachi hamda "Temir daftar", "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari" dagi ishsiz aholi bilan belgilangan tartibda shartnoma imzolangan. Mavsumda 1 ming 845 quti ipak qurti urug‘lari parvarishlanib, 107 tonnadan ortiq ipak sanoati uchun muhim bo‘lgan xomashyo yetishtiriladi.
[gallery-11355]
"Usmon Yusupov" mahalla fuqarolar yig‘inida umrguzaronlik qilayotgan Ayxon Musayeva chilgi hosildorlikni yetishtirishda ko‘pga ibrat. Bugun viloyat hokimi, sektor rahbarlari, tegishli mutasaddilar uning xonadoniga tashrif buyurib, pilla parvarishi bilan tanishdi. Tashabbuskor ayolga esdalik sovg‘alari topshirildi. Viloyat rahbari tomonidan band bo‘lmagan aholini, ayniqsa yoshlar, ayollar va kam ta’minlangan oilalarni pillachilik bilan shug‘ullanishga qiziqtirish bo‘yicha mas’ullarga bir qator topshiriqlar berildi.
– Pillachilik serdaromad soha, mehnat qilgan odam baraka topadi, – deydi mohir pillakor. – O‘tgan yili 620 kilogrammga yetkazib hosil olib, 19 million so‘mga yaqin daromadga ega bo‘ldim. Bu yil 14 quti ipak qurti parvarishlayapmiz. Maqsadimiz, har yildagidan mo‘l, sifatli hosil yetishtirish. Haqiqatdan ham pillachilik tarmog‘ining o‘ziga xos jihatlaridan biri qishloq joylarda aholi bandligini ta’minlashdir.
Sh.Suyarov,
Sh.Ortiqboyev,(suratlar) O‘zA