Hosil taqdiri kuzgi agrotexnik tadbirlar va fitosanitar nazoratdan boshlanadi
Dalalardagi hosilni faqat bahorda ekib, yozda parvarishlab, kuzda yig‘ib olish bilan ta’minlab bo‘lmaydi. Ayniqsa, yer bag‘rida ko‘zga ko‘rinmay qishni o‘tkazayotgan zararkunandalar, kasallik qo‘zg‘atuvchilari va begona o‘t urug‘lari kelgusi yil hosili uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Demak, ertangi hosilning taqdiri bugundan — kuzgi agrotexnik tadbirlar va puxta fitosanitar nazoratdan boshlanadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, har yili zararli organizmlar — zararkunandalar, o‘simlik kasalliklari va begona o‘tlar tufayli qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilining qariyb 35–40 foizi yo‘qotilishi mumkin. Bu raqamning o‘ziyoq zararli organizmlarni oldindan aniqlash, ularning qishlash holatini o‘rganish va kelgusi mavsumdagi rivojlanishini bashorat qilish qanchalik muhim ekanini ko‘rsatadi.
Bugun mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida zamonaviy, resurs tejamkor va ekologik jihatdan xavfsiz yondashuvlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat rahbari tashabbusi bilan agrar sohada mahsulot yetishtirish samaradorligini oshirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, eksportbop hamda fitosanitar talablarga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Bu jarayonda zararli organizmlarga qarshi kurashda kimyoviy vositalarga ortiqcha tayanish emas, balki ularning paydo bo‘lishini oldindan aniqlash va profilaktik choralarni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Kuzda dalalarda amalga oshiriladigan tuproq kovlash ishlari ko‘pchilikka oddiy agrotexnik tadbirdek tuyulishi mumkin. Aslida esa bu jarayon yer bag‘rida yashiringan zararkunandalar haqida muhim ma’lumot beradigan o‘ziga xos “fitosanitar tekshiruv”dir.
Tuproq namunalarini olish orqali qishlovga ketgan zararkunandalarning soni, tur tarkibi, tuproqda joylashish chuqurligi, qishlash holati, qishdan chiqish ehtimoli, kelgusi mavsumdagi xavf darajasi aniqlanadi. Ya’ni kuzgi kovlash orqali mutaxassislar nafaqat bugungi holatni, balki ertangi xavfni ham oldindan ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi.

O‘simliklar karantini va himoyasi Vobkent tuman bo‘limi Fitosanitar nazorati davlat inspektori Ro‘ziyev Inomjonning ta’kidlashicha, kuzgi tuproq tekshiruvlarini sifatli va belgilangan tartibda o‘tkazish zararkunandalarga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega.
— Zararkunandalarga qarshi samarali kurashish, avvalo, ularni yaxshi bilishdan boshlanadi. Qishda qayerda, qanday holatda va qancha miqdorda qishlayotganini aniqlamasdan turib, kelgusi mavsumda ularga qarshi aniq chora belgilash qiyin. Shuning uchun kuzgi tuproq kovlash ishlari biz uchun shunchaki namuna olish emas, balki kelgusi yildagi fitosanitar vaziyatni oldindan baholash imkonidir. Natijalar qanchalik aniq bo‘lsa, chora-tadbirlar ham shunchalik maqsadli tashkil etiladi, — deydi inspektor Ro‘ziyev Inomjon.
Qish kelishi bilan zararkunandalar yo‘qolib ketmaydi. Aksincha, ularning aksariyati o‘zini noqulay ob-havo sharoitidan himoya qilish uchun tuproq ostiga, o‘simlik qoldiqlariga yoki boshqa yashirin joylarga berkinadi. Ularning qayerda va qanday holatda qishlayotganini bilish kelgusi yildagi xavfni baholashda hal qiluvchi omillardan biri hisoblanadi. Masalan, tuproqda qishlayotgan zararkunandaning soni ko‘p bo‘lsa, ob-havo sharoiti ham uning rivojlanishi uchun qulay kelsa, bahor-yoz mavsumida ekinlarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Shu bois kuzgi tekshiruvlar natijasi asosida zararkunandalarning kelgusi mavsumdagi populyatsiyasi prognoz qilinadi. Bu esa fermer va dehqonlarga xavfni oldindan ko‘rish, zarur profilaktik choralarni belgilash imkonini beradi. Eng muhimi, bunday yondashuv ortiqcha kimyoviy ishlovlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Bugun ekologik toza, inson salomatligi va atrof-muhit uchun xavfsiz mahsulotlarga talab tobora ortib bormoqda. Eksport bozorlarida ham mahsulotning fitosanitar holati, unda zararli organizmlar va karantin ob’ektlarining mavjud emasligi muhim talablardan biri hisoblanadi. Shunday ekan, zararkunandani ko‘rmasdan turib, shunchaki «ehtiyot chorasi» sifatida kimyoviy preparat qo‘llash o‘rniga, avvalo uning soni, turi va xavf darajasini aniqlash — ilmiy va iqtisodiy jihatdan to‘g‘ri yondashuvdir.
Kuzgi tuproq kovlash natijalari kelgusi mavsumda qanday profilaktik tadbirlar o‘tkazish, qayerda kuzatuvni kuchaytirish va zarur hollarda qanday kurash choralarini qo‘llash bo‘yicha aniq reja tuzishga asos bo‘ladi.

Bu esa bir tomondan fermerning ortiqcha xarajatini kamaytirsa, ikkinchi tomondan tuproq, suv va atrof-muhitga tushadigan kimyoviy yuklamani pasaytiradi.
Tuproqda qishlovchi zararkunandalar va kasallik qo‘zg‘atuvchilarini aniqlash uchun har bir maydondan belgilangan tartibda namunalar olinadi. Tuproq kovlashda 25x25 santimetr, 50x50 santimetr, 100x100 santimetr hajmdagi kvadrat yoki 40x100 santimetr o‘lchamdagi cho‘ziq shakldagi namunalardan foydalaniladi. Namunalar maydonning diagonali bo‘ylab yoki shaxmat — tasodifiy usulda olinadi. Bunda maydon hajmi ham hisobga olinadi. Jumladan, 10 gektargacha bo‘lgan maydonda — 8 ta namuna, 11–50 gektar maydonda — 12 ta namuna, 51–100 gektar maydonda — kamida 16 ta namuna olinishi lozim. Namunalar orqali tuproqda qishlayotgan zararli organizmlarning tur tarkibi, tarqalishi, populyatsiya zichligi va hayotiyligi haqida ma’lumot to‘planadi.
Tuproq yuzasi va o‘simlik qoldiqlarida uchraydigan zararkunandalar hamda kasallik qo‘zg‘atuvchilarini hisobga olish uchun esa har bir maydondan alohida namuna olinadi.
Fitosanitar monitoringda yana bir muhim jihat bor: namuna olinadigan joyni to‘g‘ri tanlash. Tuproq kovlash ishlarini aholi punktlariga yaqin, uy parrandalarining kirishi mumkin bo‘lgan joylarda amalga oshirish tavsiya etilmaydi. Chunki bunday hududlarda qushlar va boshqa omillar zararkunandalar soniga ta’sir qilishi, natijada olingan ma’lumotlar haqiqiy holatni to‘liq aks ettirmasligi mumkin. Shuning uchun zararkunandalar birinchi paydo bo‘ladigan, ular uchun xos va tipik bo‘lgan maydonlarni tanlash nihoyatda muhim. Bu yerda bir qarashda oddiy tuyulgan namuna olish jarayonining ortida katta mas’uliyat mujassam. Chunki bitta noto‘g‘ri namuna butun maydon haqida noto‘g‘ri tasavvur paydo qilishi, noto‘g‘ri xulosa esa kelgusi mavsumdagi kurash choralarining samarasiz bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish faqat ko‘proq urug‘ sepish yoki ko‘proq o‘g‘it berish bilan hal bo‘lmaydi. Haqiqiy samara yerning holatini chuqur o‘rganish, zararkunandalar harakatini kuzatish, xavfni oldindan aniqlash va ilmiy asoslangan qaror qabul qilishdan boshlanadi. Kuzgi tuproq kovlash ana shu tizimning muhim bo‘g‘inidir. Bugun yer bag‘rini tekshirish orqali ertangi xavf aniqlanadi. Ertangi xavf oldindan ma’lum bo‘lsa, unga qarshi kurash ham o‘z vaqtida va aniq yo‘nalishda tashkil etiladi. Natijada ortiqcha xarajatlar kamayadi, kimyoviy vositalardan oqilona foydalaniladi, ekologik xavfsizlik ta’minlanadi va eng muhimi — sifatli, fitosanitar toza, eksportbop mahsulot yetishtirish uchun mustahkam zamin yaratiladi. Demak, kuzda yerni kovlash — shunchaki tuproqni tekshirish emas. Bu kelgusi hosilning taqdirini oldindan o‘qish, dalaning “sog‘lig‘i”ni baholash va zararkunandalarga qarshi kurashni hali xavf kuchaymasidan boshlash demakdir.
Yer bag‘ridagi har bir lichinka, har bir zararkunandaning qishlash holati haqidagi aniq ma’lumot — kelajakda asrab qolinadigan tonna-tonna hosilning boshlang‘ich nuqtasidir. Ana shu ma’noda bugungi fitosanitar nazorat ertangi baraka uchun qo‘yilayotgan eng muhim qadamlardan biridir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri