“Hosil bayrami” munosib yutuqlar bilan nishonlandi
Mamlakatimizda 2017 yildan buyon dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Namangan viloyatida ham ushbu bayram ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Davlatobod tumanidagi madaniyat markazida tashkil etilgan bayram tadbiriga tarmoqning fidoyilari, faxriylar, ilg‘or fermer va dehqon xo‘jaliklari mehnatkashlari, tuman hokimlari va sektor rahbarlari, tegishli tashkilotlar mutasaddilari taklif qilindi.

Dastavval, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qishloq xo‘jaligi xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi.
Darvoqe, davlatimiz rahbarining tabrigida g‘allaning har gektaridan 95-100 sentnerdan hosil olgan To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Shohidon burguti” fermer xo‘jaligi e’tirof etildi hamda paxta xirmonini yaratishga salmoqli hissa qo‘shgan “Namangan to‘qimachi klaster” paxta-to‘qimachilik klasteri hammaga namuna bo‘lganini minnatdorlik bilan ta’kidlandi. Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov, Respublika Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Anvarjon Asomov o‘z so‘zida keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida uzoqni ko‘zlagan holda amalga oshirayotgan tub islohotlar tizimda salmoqli natijalarga erishishda muhim omil bo‘layotganligini aytib o‘tdi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda qulay agrobiznes muhitini yaratish, bu borada investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, sohani sanoatlashtirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Qayd etish joizki, viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda ob-havo injiqliklari hamda suv yetishmovchiligi muammolariga duch kelindi. Lekin shunday qiyin sharoitlarga qaramasdan yeri zar, dehqoni zargar bo‘lgan namanganliklar paxta, g‘alla va pillachilikda sezilarli natijalarga erishdi.
“Dala madaniyati – fermer majburiyati” tamoyili asosida ish yuritilgani tufayli xirmonlar ko‘kka yuksalib, dasturxonlarimiz noz-ne’matga to‘ldi. Ayniqsa, meva-sabzavotchilikdagi yutuqlar, eksport ko‘rsatkichlari tahsinga sazovor.
Yakuniga yetib borayotgan 2021 yilda Namangan viloyatida jami 1 ming 989 tonnadan ziyod pilla, 462 ming tonnadan ortiq g‘alla, 214 ming 516 tonna paxta yetishtirildi. E’tiborlisi, o‘tgan yilgi rejaga nisbatan 13,3 ming tonnadan ortiq paxta xomashyosi sotishga erishildi.

Ta’kidlash lozimki, oziq-ovqat xafvsizligi va ta’minotining davomiyligiga xizmat qiluvchi mo‘l hosildorlik qayd etildi. Viloyat bo‘yicha 896 ming tonna sabzavot, 383 ming tonna kartoshka, 88 ming tonnadan ziyod poliz mahsulotlari, 309 ming tonna meva, 130 ming tonna uzum, 158 ming tonna go‘sht, 734 ming tonna sut, 715 million donadan oshiq tuxum ishlab chiqarilgani tahsinga loyiq. Har bir yo‘nalishda belgilangan rejani ortig‘i bilan bajarishga erishildi, hosildorlik va samaradorlik o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada oshdi. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 106 ming 500 tonna meva-sabzavot mahsulotlari sotilib, uning eksport hajmi 66 million 200 ming AQSH dollarini tashkil qildi.
Bu yil viloyatning barcha tumanlarida ilk marta, 46 ming nafardan ziyod yoshlarga fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar tasarrufidagi 9 ming 70 gektar sug‘oriladigan ekin yerlari berildi. Mazkur maydonlar hisobiga eksportbop bo‘lgan va ichki bozorni ta’minlash uchun 86,7 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirildi. Ushbu yerlarda yoshlar oila a’zolari bilan dehqonchilik qilishi hisobiga, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 49 ming 500 kishining bandligi ta’minlandi. Yer maydonlaridan 386,6 milliard so‘m daromadga ega bo‘ldi. Bitta oilaning daromadi o‘rtacha 8 million so‘mni tashkil etdi.
Bundan tashqari, g‘alladan bo‘shagan maydonlardan 13 ming 654 gektar maydon vaqtincha ishsiz bo‘lgan 67 ming 100 kishiga tarqatib berildi. Joriy yilda foydalanishdan chiqib ketgan yer maydonlaridan 21,5 ming gektar maydon qayta foydalanishga kiritishga erishildi. Shuningdek, joriy yilda viloyatda 25 ming 839 gektar yer maydonida suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi.
Shundan 10 ming 53 gektar tomchilatib sug‘orish, 660 gektar yomg‘irlatib sug‘orish usuli kabi suv tejovchi usullardan keng foydalanib, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda unumli foydalanishga erishildi. Ushbu suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilishi hisobiga 70,36 million metr kub suv iqtisod qilindi, 13 ming gektardan ortiq maydonlarning suv ta’minoti yaxshilandi. Qolaversa, umumiy qiymati 64,7 milliard so‘mga teng 660 ta yangi texnika olib kelindi. Shundan, 18 ta g‘alla o‘rish kombayni, 9 ta haydov traktori, 53 ta universal traktor, 12 ta lazerli yer tekislagich, 32 ta chigit va g‘alla ekish seyalkasi, 184 ta purkagich va 352 ta boshqa turdagi texnikalar olib kelindi.
Tantanali tadbirda bir guruh soha faollariga qishloq xo‘jaligi rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, sohaga innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, barcha turdagi ekinlardan yuqori va sifatli hosil yetishtirib, el-yurt farovonligini yuksaltirishga qo‘shgan munosib hissalari, davlat dasturlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekin maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash borasidagi ulkan xizmatlari uchun Namangan viloyati hokimining Faxriy yorlig‘i, “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi”, “Ilg‘or fermer”, “Namunali tomorqachi” va “Mehnatkash dehqon” ko‘krak nishonlari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bayram munosabati bilan Namangan shahrida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdo yarmarkasi tashkil etildi. Viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi hamda viloyat fermer, dehkon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan tashkillangan yarmarkada barcha tumanlarda saxovatli zaminimizdan mo‘l hosil olayotgan azamat bobodehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan, kundalik turmush uchun zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari va meva-sabzavotlar arzonlashtirilgan narxlarda aholiga yetkazib berildi.
– Yarmarkada agrofirmalar, fermer xo‘jaliklari, tomorqa egalari faol ishtirok etmoqdamiz. Niyatimiz esa bayram arafasida elimizning dasturxonimizga quyoshli yurtimizda pishib yetilgan mahsulotlarni yetkazib berishdir, – deydi Chortoq tumani fermer, dehkon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Odiljon Qozoqov. – Tumanimizdagi “Bog‘u bo‘ston”, “Muchum keskan yor”, “Bobur”, “Do‘stlik” singari agrofirmalar tomonidan yarmarkaga olib kelingan tuxumdan tortib, baliqqacha bo‘lgan 13 turdagi mahsulotlar o‘z xaridorlarini topdi.
Davlatobod tumanidagi “Otchopar” majmuasida viloyat, shahar va tuman hokimliklari sovrini uchun o‘tkazilgan uloq-ko‘pkari musobaqasida Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlari hamda qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan kelgan 500dan ziyod mohir chavandozlar marra olib, tuya, ot, qo‘y, echki, gilam, televizor kabi g‘oliblik yutuqlari uchun bahslashdi.
Majmuadagi ulkan maydonning bayram sahnasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist G‘iyos Boytoyev, Toshpo‘lat Matkarimov va viloyat san’at ustalari ijrosidagi konsert dasturi “Hosil bayrami”ga ko‘tarinki zavqu shavq bag‘ishladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.