Parlament quyi palatasining majlisida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, mulkini himoya qilish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan xavfli turdagi pirotexnika buyumlarining muomalasiga nisbatan cheklovlar, pirotexnika buyumlarining erkin va cheklangan muomalasi bo‘yicha talablar, xususan, ulardan ommaviy tadbirlarda, sanoat va harbiy maqsadlarda foydalanish asoslari belgilanmoqda. Xavflilik darajasi yuqori bo‘lmagan bengal mayoqchalari, turli effektlar berishda ishlatiladigan stol fontanlari kabi pirotexnika buyumlaridan foydalanishga cheklov o‘rnatilmaydi.
Pirotexnika buyumlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun belgilangan ma’muriy jazo chorasini kuchaytirish taklif etilayotgan qonun loyihasi qabul qilindi.
[gallery-24522]
Shuningdek, majlisda kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishiga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar toifasi kengaytirilmoqda. Xususan, kam ta’minlangan shaxslar muayyan ishda o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash to‘g‘risida Konstitutsiyaviy sudga murojaat etganda, ular davlat hisobidan yuridik yordam olishlari mumkinligi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, majlisda mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlariga tegishliligi bo‘yicha qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilgani sababli amaldagi 9 ta kodeks va 71 ta qonun qayta ko‘rib chiqilib, ularda nazarda tutilgan mahalliy davlat hokimiyati organlarining vazifa va funksiyalari “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida vakillik va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida qayta taqsimlanmoqda.
Shuningdek, mahalliy Kengashlarga hokimliklarning 28 ta vakolatlari hamda qonun hujjatlarida mahalliy davlat hokimiyati organlariga umumiy berilgan vakolatlarning aniqlashtirilishi natijasida yana qo‘shimcha 33 ta vakolat, jami 61 ta vakolatlar o‘tkazilmoqda. Xususan, mahalliy vakillik organlariga joylarda rivojlanishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash, kompleks dasturlarni tasdiqlash, qonuniylikni ta’minlash borasidagi keng vakolatlar yuklatilmoqda.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga esa qabul qilingan qonun hujjatlari, dasturlar ijrosini ta’minlash, ijro bilan bog‘liq boshqa vazifa va funksiyalar belgilanmoqda.
Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi konseptual jihatdan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA