Hokim yoshlar muammolarini o‘rgandi
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida “Hokim va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi.
Tuman hokimi Xurshid Tohirov hududda yoshlar siyosati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, barkamol avlod vakillarini ijtimoiy muhofaza qilish borasidagi chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Xususan, joriy yilda maktabni bitirgan 2843 nafar tuman yoshlarining 67 foizi o‘zlari tanlagan va tayyorgarlik ko‘rgan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingani ta’kidlandi. Bu ko‘rsatkich bilan respublika miqyosida tuman har yilgi an’anaga muvofiq ilg‘orlar safidan o‘rin egalladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra qorako‘llik yoshlarning oliy ta’limga kirish ko‘rsatgichi yildan yilga ortmoqda. Jumladan, 2021 yilda 959, 2022 yilda 965 nafar o‘g‘il-qizlar talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan. Joriy yil ta’lim sohasida erishilgan yutuqlardan yana biri tumanda IT axborot texnologiyalari bilan shug‘ullanadigan yosh mutaxassislar tayyorlaydigan xalqaro universitet ish boshladi.

Tuman rahbari yuzma-yuz muloqotda yoshlarning muammolari, bildirgan taklif-mulohazalarini tingladi. O‘ndan ortiq murojaat shu joyning o‘zida tegishli mas’ullarni jalb qilgan holda hal qilindi.
– Yaxshi bilamizki, “Zakovat” intellektual o‘yini xalqimiz va yoshlar o‘rtasida ommabop ma’rifiy harakatga aylanib bormoqda, – deydi Shodiya Mehmonova. – Tumanimizda ham ushbu tafakkur mashg‘ulotlarini turli soha vakillari ishtirokida o‘tkazib borilayotganiga guvohmiz. Istardimki, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar va tengdoshlarimiz ishtirokida ham shunday tadbirlar, “Zakovat” o‘yinlari tashkil etilsa. Bu mehr va e’tiborga muhtoj odamlar uchun bu o‘ziga xos ma’naviy ozuqa bo‘lardi.

– Mahallamizda yoshlarning sport turi bilan, ayniqsa, kurash bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoit yaratilgan, – deydi arabxonalik sport murabbiyi Shermuhammad To‘rayev. – Bu imkoniyatdan unumli foydalanib, yigirmaga yaqin yoshlarimiz o‘z yosh toifalari bo‘yicha nufuzli musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Muhimi, sportga qaratilayotgan e’tibor va rag‘bat so‘nmasin.
Tadbir so‘ngida tumanda yil davomida turli sohalarda yuksak natija va yutuqlarga erishgan fidoiy va tashabbuskor yoshlar e’tirof etildi.

Ma’lumot uchun, davlat rahbari topshirig‘iga asosan Qorako‘l tumanida 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, turmush tarzi, tashvish va muammolari, qobiliyati va qiziqishlari o‘rganilib, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida uch toifaga ajratilgan edi. Bu jarayonda uchinchi, ya’ni “qizil” toifaga mansub 1132 nafar e’tiborga muhtoj yigit-qiz ijtimoiy muhofazaga olinib tumandagi 20 ta korxona va tashkilot rahbariga biriktirildi. O‘rganishlar natijasida biriktirilgan yoshlar bilan bog‘liq jami 552 ta muammo aniqlanib, bunga yil davomida ijobiy yechim topish chorasi ko‘rildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.