Hokim yordamchisidan bir savol...
– Mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning oila a’zolariga qanday yordam turlari mavjud?
– Mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning O‘zbekistonda ular bilan birga yashovchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yo‘llanma beriladi.
Bu haqda davlatimiz rahbarining joriy yil 1 martdagi “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, mazkur hujjatga asosan, mahallalardagi yoshlar yetakchilarining yozma tavsiyanomasi bilan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki “daftarlar”dan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yo‘llanmalar beriladi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining mablag‘lari hisobidan mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning oila a’zolariga yordam pullari va yo‘llanmalar berishda “Labor migration” dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tganligi inobatga olinadi.
Talabgorlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga “Labor migration” dasturiy majmuasi orqali elektron murojaat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA