Hokim yordamchilari – xalqqa koʻmakdosh
QISQA SATRLARDA...
Navoiy viloyati: Navoiy viloyati “Doʻstlik” MFYdagi hokim yordamchisi J.Hojiyevning dasturiga asosan mahallada yashovchi fuqaro G.Uralboyevaga kosmetologiya bilan shugʻullanishi uchun asbob-uskunalar olib berilishi taʼminlandi. Endi nafaqat oʻzi va oilasi, balki ikki nafar ishsiz fuqaro ham doimiy ish bilan band boʻldi.

Qiziltepa tumani “Oʻrtaqoʻrgʻon” MFY hokim yordamchisi S.Ramazonov hududda yashovchi fuqaroga oʻz mablagʻlaridan tashqari qoʻshimcha 30 million soʻm imtiyozli bank kreditlari asosida xonadonida issiqxona tashkil qilishida koʻmaklashdi. Bundan tashqari hokim yordamchisi mahallada istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqaroga broller joʻjalar yetkazib berilib oilaviy daromadini koʻpaytirishda yordam koʻrsatdi.

Sirdaryo viloyati: Mirzaobod tuman “Doʻngariq” MFY hokim yordamchisi X.Ishanqulov yordami bilan 7 nafar ishsiz xotin-qizlar yangi tashkil qilingan «Asadbek Avazbek» MCHJga qarashli tikuvchilik sexiga ishga qabul qilindi va ish faoliyatini boshladi. Shuningdek, X.Ishanqulovning yordami bilan yana bitta fuqaroga imtiyozli kredit hisobiga chorva mollari olishga koʻmaklashildi.

Jizzax viloyati: Paxtakor tumani “Doʻstlik” MFYda oʻz faoliyatini olib borayotgan hokim yordamchisi Ozoda Otajonovaning tashabbusi bilan mahallada istiqomat qiluvchi kam taʼminlangan oilalar holidan muntazam xabar olinadi. “Doʻstlik” MFYda “Ayollar daftari”da turuvchi ikki nafar ayol Sh.Rashidov tumanida tashkil etilgan “Gulchi opa” oʻquv markazida oʻqib sertifikat olishga erishdi.

Oʻqib kelgan xotin-qizlar oʻz xonadonlarida issiqxona tashkil qilib, tadbirkorlik faoliyatlarini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan. Kelgusida oʻn besh nafar ayol ish bilan taʼminlanishi kutilmoqda.

OʻzA muxbiri
Muhayyo Toshqorayeva tayyorladi.