Hokim yordamchilari xalq orasida
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi 7 ta mahallada joriy yildan hokim yordamchilari ish boshlagan edi. Ular o‘z hududida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, oilalar turmush farovonligini oshirish uchun uyma-uy yurib aholi muammolarini o‘rgandi. Mahallalarning asosiy drayver sohalarini aniqlash borasida ishlar olib borildi.
– 2 ming 844 kishi yashaydigan “Cho‘lquvar” mahalla fuqarolar yig‘ini tumandagi sharoiti nisbatan og‘ir va har jihatdan rivojlantirishni talab etadigan hududlardan biri sanaladi, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Asliddin Tillayev. – Mutaxassisligim soliqchi. Qariyb besh yil shu sohada mehnat qilganman. Tayinlangan kunimdan boshlab mahalladagi barcha xonadonlarni obdon o‘rgandim. Hudud og‘ir bo‘lishiga qaramay ishlarni rejalashtirib oldim.
Mahalla xonadonlarini xatlovdan o‘tkazish jarayonida Asliddin oilalarning turmush sharoiti, ishsiz odamlarning qiziqishlarini o‘rgandi. Parrandachilikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan 15 ta oilaning 8 tasiga 400 ta tovuq va 30 ta kurka keltirib tarqatdi.
“Tinchlik” mahallasida yashovchi Bekzod Shodmonov oilasi ham jo‘ja parvarishlash istagini bildirgan edi. Hokim yordamchisining ko‘magida olingan kredit asosida u ham parrandachilikni yo‘lga qo‘ydi. Hozir Bekzod Shodmonov “Cho‘lquvar” mahallasida ajratilgan mo‘’jazgina joyda turmush o‘rtog‘i bilan “Ross broyler-308” zotli 1000 dona jo‘ja boqmoqda.
— Hokim yordamchisi oilamiz sharoitini o‘rgandi, biz esa tovuq boqishga imkoniyatimiz borligini aytdik, – deydi Bekzod Shodmonov. – Jo‘ja keltirib berdi. Turmush o‘rtog‘im ham ishli bo‘ldi. Jo‘jalarimizning har biri 3 kilogrammdan tosh boshsa 3 million so‘m daromad qilishimizni aytishgan edi. Bu yil hisobidan ikkinchi marta boqyapman. Oyiga o‘rtacha 5-6 million daromad topyapman.
Ma’lumot o‘rnida, broyler tovuqlar 35-40 kunda tayyor bo‘ladi. 1 dona jo‘ja 3-3,5 kg bo‘lguniga qadar 4 kg don sarflanadi.
Zarif Komilov, O‘zA