Hokim yordamchilari taqdirlandi
Andijon viloyatidagi 887 ta mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi faoliyat yuritmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan mazkur lavozimda ishlash uchun iqtisodni yaxshi biladigan, tashabbuskor, tashkilotchi, eng asosiysi, odamlar bilan ishlay olish salohiyatiga ega mutaxassislar jalb etilgan.
Yil boshida faoliyatini boshlagan hokim yordamchilari tomonidan o‘tgan qisqa vaqt ichida aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xo‘jaobod tumanida tuman hokimi O‘tkirbek Shukurov, sektor rahbarlari, hokim yordamchilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilgan ibratli ishlar alohida e’tirof etildi. Ularning yanada samarali ish olib borishi, mavjud imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanishlari yuzasidan tavsiyalar berildi.
[gallery-7526]
Xo‘jaobod tumanidagi mavjud 38 mahalla fuqarolar yig‘inida ish olib borayotgan hokim yordamchilari tomonidan olib borilayotgan ishlar atroflicha tahlil etildi, ularning faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Tadbirda mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilariga xizmat faoliyatida foydalanish uchun planshetlar topshirildi. Endilikda, ularning axborot almashish, murojaatlarni onlayn tarzda qabul qilish va fuqarolarning muammolarini o‘z vaqtida tinglash imkoniyati yanada kengayadi.
Faoliyati davomida yaxshi natijalarga erishgan 14 nafar hokim yordamchisi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
– Olib borayotgan ishlarim e’tirof etilganidan xursandman, – deydi taqdirlanganlardan biri Xo‘jaobod tumani Andijon mahalla fuqarolar yig‘inida ish olib borayotgan hokim yordamchisi Doniyorbek Qurbonov. – Faoliyatim davomida aholi bandligini ta’minlash, fuqarolarning tadbirkorlik, o‘zini o‘z band qilishga qaratilgan faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratyapman. Bu albatta, o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda.
Tadbirda kelgusida amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab olindi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA