Hokim yordamchilari faoliyati tahlil qilindi
Andijon viloyati Shahrixon tumanida mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining daromadlarini oshirish, kambag‘allikdan chiqarish, mahallalar ixtisoslashuvini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Viloyat mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi raisi o‘rinbosari Muhammadjon Nishonov, tuman sektorlari rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat olib borayotgan hokim yordamchilari ishtirokidagi Soxiobod mahallasida o‘tkazilgan tadbirda yuqoridagi yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar tahlil etilib, hokim yordamchilarining mahalla ixtisoslashuvini yo‘lga qo‘yish borasidagi faoliyati tanqidiy muhokama qilindi.
Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va daromadlarini oshirishda mahalla yettiligi, ayniqsa, hokim yordamchilarining o‘rni va roli muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada Shahrixon tumanidagi 79 ta mahallada zarur ishlar olib borilmoqda. Albatta, erishilayotgan yutuqlar ko‘p. Lekin shu bilan birga, yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar, mavjud imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanmaslik holatlari ham mavjud.
Yig‘ilishda ana shu yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, kamchiliklarni bartaraf etish, faoliyatga ilg‘or ish uslublari va tajribalarni tatbiq etish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi, hokim yordamchilariga tegishli topshiriqlar berildi.
– Yig‘ilishda faoliyatimiz samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur ma’lumot va ko‘rsatmalar oldik, – deydi “Bekbachcha” mahalla fuqarolar yig‘inida ish olib borayotgan hokim yordamchisi Maqsudbek Akbarov. – Ayniqsa, mahallaning drayverini yo‘lga qo‘yish orqali mavjud imkoniyatlardan unumli va samarali foydalanish borasidagi bilim hamda tushunchalarimiz yanada boyidi.
[gallery-16788]
Yig‘ilishda mahallalar ixtisoslashuvini yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlar, hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligi sektorlar bo‘yicha har kuni tahlil qilib borilishi belgilab olindi.
F.Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari