Hokim yordamchilari aholiga ko‘makchi
Karmana tumani hokimligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi hamkorligida tumandagi hokim yordamchilarining faoliyati, aholi bandligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Ishtirokchilar dastlab “Talqoq” mahallasida bo‘lib, tadbirkor Jo‘rabek Qahhorov tomonidan tashkil etilgan “Baby spa” bolalar massaj markazi faoliyatini borib ko‘rdi. Tadbirkor tomonidan 250 million so‘m mablag‘ evaziga ushbu bino qurilib, kichik yoshdagi bolalar uchun massaj markazi sifatida ish boshlagan.

– Hokim yordamchisi Sunnat Do‘stboyev ko‘magida bankdan 33 million so‘m imtiyozli kredit oldim, – deydi tadbirkor. – bugungi kunda markazda 5 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Bu yerda nevropatolog shifokor tavsiyasiga asosan suyak rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan, yurishga qiynalayotgan, ortopedik kasalliklari bor va rivojlanishdan birmuncha orqada qolayotgan bolalarga Koreya tajribasi asosida massaj, gidromassaj muolajalari o‘tkaziladi.
bugungi kunda aholini ish bilan ta’minlash asosiy vazifalardan sanaladi. Mahallada yosh tadbirkor Akmal Quvondiqov tomonidan 356 million so‘m mablag‘ evaziga “Muhayyo textile” oilaviy korxonasi ishga tushirilgan. Ayni paytda bu yerda 30 nafar xotin-qiz mehnat qilmoqda. Turli tashkilotlar uchun buyurtma asosida maxsus ish kiyimlari, bolalar kiyimlari, qishki issiq kiyim va xotin-qizlar liboslari tikilayotgan korxona tomonidan mahsulotlar nafaqat ichki bozorga, balki qo‘shni davlatlarga ham buyurtma asosida yetkazib berilmoqda.

Press-tur qatnashchilari Mir Said Bahrom mahallasidagi hokim yordamchisi Behzod Savurov tomonidan ishsiz yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, kreditlar olish, yoshlarning kasb-hunar o‘rganishi uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishdi.
– Mahallamizda 2600 nafar aholi yashaydi, – deydi hokim yordamchisi Behzod Savurov. – Mahallamiz drayveri sifatida xizmat ko‘rsatish sohasi belgilangan. Shuning uchun hududdagi 8 ta ob’ekt tadbirkorga foydalanish uchun berildi va ishga tushirildi. Shuningdek, foydalanilmay kelayotgan va qurilishi tugallanmagan bino zamonaviy ko‘rinishga keltirilib, o‘quv markazi tashkil etildi.
“Algorizmus” nodavlat ta’lim markazi hokim yordamchisi ko‘magi bilan tashkil etilgan o‘quv markazlaridan biridir.

– Hokim yordamchisi Behzod Savurovning sa’y-harakati bilan ushbu qarovsiz binoni qayta ta’mirlab, o‘quv markaziga aylantirdik, – deydi tadbirkor Sh.Nuriddinov. – Hozirda 14 nafar pedagog 9 ta fan yo‘nalishida yoshlarga bilim berib kelyapti. Ijtimoiy himoyaga muhtoj va ko‘p bolali oilalar farzandlari uchun to‘lovlarda chegirmalar joriy qilingan.
Qish faslida aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash muhim. Ayni paytda “Navro‘z” mahallasida istiqomat qiluvchi Murod Latipov o‘z hovlisi yonida 10 sotix yerda issiqxona tashkil etib, bodring yetishtirmoqda.

– Joriy yilning oktyabr oyida bodring ko‘chatlarini ekkandik, shu oyning oxirida ularni terib olib, sotishni boshlaymiz, – deydi M.Latipov. – Yosh tadbirkor sifatida mahallaning hokim yordamchisi yordami bilan bankdan 33 million so‘m kredit oldim va issiqxona yonida 60 tonnalik sig‘imga ega muzlatkich qurdim. Hozirgi vaqtda muzlatkichda 50 tonnaga yaqin mevalarni saqlayapmiz. Yangi yil bayrami arafasida bu mahsulotlarimizni ham xalqimiz dasturxoniga yetkazib berishni niyat qilganmiz.
Press-tur davomida jurnalistlar tumandagi “O‘zbekiston” mahallasida ham bo‘lib, hokim yordamchisi Husen Amonovning tadbirkorlar bilan olib borayotgan ishlari bilan tanishdi.

– Bog‘chamiz 360 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 50 kishi ish bilan ta’minlangan, – deydi “Kids Akademy” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Sabina Samadova. – Bog‘chamizda “Bilimdon” dasturi bilan ishlash barobarida noan’anaviy usullarda ham dars mashg‘ulotlarini olib boryapmiz. Mashg‘ulotlar faqat rus tilida olib boriladi. Bundan tashqari, koreys va ingliz tili, mental arifmetika, sportning gimnastika va taekvondo turlari bo‘yicha to‘garaklar ham tashkil etilgan. Tarbiyalanuvchilar uchun maxsus transport harakati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Karmana tumanidagi mavjud 43 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga tayinlangan hokim yordamchilari tomonidan aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Press-tur davomida tuman Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi rahbari Sobirjon Bahronov OAV vakillariga hamrohlik qildi va ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.

A.Bo‘riyev, O‘zA