Hokim yangi maktabda mustaqillik darsini o‘tdi
Bu yil yangi o‘quv yiliga Namangan shahridagi Amir Temur nomidagi mahalla o‘g‘il-qizlari uchun munosib tuhfa hozirlandi. 1933 yilda tashkil topgan 22-sonli umumta’lim maktabining abgor holdagi eski binosi o‘rnida yangidan qurilgan zamonaviy o‘quv dargohi qad rostladi.
Qariyb 90 yildan beri e’tibordan chetda qolib ketgan mazkur maktabda Investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilgan 11 milliard 995 million so‘mlik bunyodkorlik ishlari natijasida 540 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi va 12x24 hajmdagi sport zali barpo etilib, o‘quvchilar ixtiyoriga topshirildi.

Energotejamkor loyiha asosida qurilgan maktabda o‘quvchilar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Eski partalar, eskirib ketgan buyumlar o‘rniga xalqaro ta’lim standartlariga javob beradigan o‘quv texnologiya vositalari va mebel jihozlari bilan ta’minlandi. O‘quv darsliklari va badiiy adabiyotlardan iborat 1800 kitob fondiga ega bo‘lgan kutubxona, Yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etilgan “Yosh jurnalistlar maktabi” hamda “Zakovat” intellektual klubi o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, aqliy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz madhiyasi yangradi. Ilk darsni tantanali ochilish marosimida qatnashgan Namangan shahar hokimi G‘ofurjon Jamolov maktabning 11-sinf o‘quvchilari uchun “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” mavzuida Mustaqillik darsi bilan boshlab berdi.

Mustaqillik darsida faol ishtirok etgan iqtidorli o‘quvchilarga badiiy kitoblar to‘plami, maktab ostonasiga endigina qadam qo‘ygan 96 nafar 1-sinf o‘quvchisiga 12 turdagi darslik va o‘quv qurollaridan jamlangan Prezident sovg‘alari taqdim qilindi.
Ma’lumot uchun, mazkur maktabda shu mahallada tug‘ilib o‘sgan otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash maqsadida shoir ijodini o‘rganishga alohida e’tibor qaratiladi. Maktabning shundoq yonginasida shoirning uy-muzeyi va mahalla kutubxonasi bunyod etilmoqda.

- Maktabimizni tubdan o‘zgarib, yangi qiyofaga kirganidan xursandmiz, yorug‘ va shinam xonalarda nabiralarimni ko‘rib, dillarimiz yayradi, - deydi mehnat faxriysi Husanboy Azizov. - Biz bunday sharoitlarni orzu qilganmiz. Bitta partada hatto to‘rt o‘quvchi o‘tirganmiz. Bugunchi? Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli va bilimli bo‘lishlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Endigi vazifamiz, biz, faxriylar, ota-onalar o‘g‘il-qizlarimizni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari, Vatanimizga sodiq farzandlar sifatida yetishishida muallimlarga yaqindan ko‘makdosh bo‘lishimiz kerak.
Joriy yilda Namangan shahrida ikkita umumta’lim maktabida qayta qurilish va mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi. Ushbu maqsadlar uchun 22 milliard 695 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. Tashabbusli byudjet portali orqali 18 ta maktabda 10 milliard so‘mdan ortiq mahalliy byudjet mablag‘lari evaziga qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA