Hokim yangi loyihalar qurilishiga start berdi
Investitsiya – taraqqiyot garovi
Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Tenda group” mas’uliyati cheklangan jamiyat binosida Yangi yilda xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish orqali viloyatda amalga oshiriladigan 114 ta loyiha qurilishiga start berdi.
Prezidentimiz raisligida 16 yanvar kuni investitsiyalarni keng jalb etish va eksport hajmini oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbir onlayn formatda o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbarining topshirig‘i bilan xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, yangi loyihalar hisobiga ishlab chiqarish hajmi va ish o‘rinlarini ko‘paytirish uchun viloyatda bu yil 165 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Uning dastlabki bosqichida tamal toshi qo‘yilgan mazkur loyihalarning 88 tasi investitsiyaviy, 11 tasi turizm va 15 tasi iqtisodiy tarmoqqa oid bo‘lib, qiymati 3 milliard dollarni tashkil etadi.
Surxondaryo viloyatida tadbirkorlik yangi bosqichda rivojlanib, turli yo‘nalishlarda yangi investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi oshirilib, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda va eksport salohiyati oshmoqda.

Jumladan, o‘tgan yili vohada 689 million dollarga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kredit o‘zlashtirilib, reja ortig‘i bilan bajarildi. Qiymati 739 million dollarlik 751 ta hududiy loyiha ishga tushirilib, 16 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. 361 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Joriy yilda qiymati 6,3 milliard dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirib, 500 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Qiymati 10 trillion so‘mlik 515 ta hududiy investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 16 mingta yangi ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan.

Yangi investitsiya loyihalari qurilishining tamal toshini qo‘yish marosimida shu haqda atroflicha fikr yuritildi. Buning uchun viloyatda yetarli imkoniyat mavjudligi ham qayd etildi.
– Keyingi yillarda jozibador investitsiyaviy muhit yaratildi, – deydi Termiz shahridagi “Novofarm” O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma korxonasi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Malika Jo‘rayeva. – Bu muhit xorijlik hamkorlarimizni ham rag‘batlantirib, yangi loyihalarni boshlashga undamoqda. Korxonada tibbiyot uchun qo‘llaniladigan turli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Xorijlik investorlarga yaratilgan imtiyozlardan foydalanib, qiymati 10 million dollarga teng dorivor giyohlardan ineksion suyuqlik ishlab chiqaradigan yangi loyiha ustida ish boshlangan.

Tadbirda viloyat rahbari yangi loyihalarga qo‘l urgan sarmoyadorlarga barcha sharoitlarni yaratib berish va har hafta payshanba kuni hududlarga chiqib, kamida ikkita loyiha bilan tanishishni alohida ta’kidladi. Shuningdek, tuman va shahar hokimlariga haftada ikki kun bevosita tadbirkorlar bilan ishlash yuzasidan tegishli topshiriqlarni berdi.
Shu kuni Ulug‘bek Qosimov Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Fabullo Stroy Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatning gazobeton tayyorlash korxonasini kengaytirib, yangi ish o‘rinlari yaratish va energo tejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihasi, “Duil plast” mas’uliyati cheklangan jamiyatning plastmassa idishlar ishlab chiqarish, “Safina Privat Limited” mas’uliyati cheklangan jamiyatning temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, “Build eko plast” mas’uliyati cheklangan jamiyatning avtomobillar uchun elektr o‘lchagichlar tayyorlash loyihasi bilan yaqindan tanishdi.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri