Sirdaryo tumani ixtiyorida qoladigan mablag‘lar manbasi ko‘paytiriladi. Masalan, ma’muriy va moliyaviy jarimalar, soliq tekshiruvlari bo‘yicha penya, toifasi o‘zgargan qishloq yerlari uchun nobudgarchilik kompensatsiyasi, o‘rmon yerlari hududlarini ijara tushumlari, ko‘rsatilgan davlat xizmatlaridan tushgan mablag‘larning bir qismi tumanda qoladi.
Bundan tumanga yiliga qo‘shimcha 12 milliard so‘m tushadi.
Endilikda hokimda 4 nafar o‘rinbosar bo‘ladi. Rivojlanish rejasiga qarab, qaysi masalada o‘rinbosari bo‘lishini hokimning o‘zi belgilaydi.
Misol uchun, Sirdaryo tumani hokimi kelgusi uch yilda turizm, servis va logistikani tumanni asosiy drayveri sifatida ko‘rayapti. Shu bois, uning iqtisodiyot bo‘yicha 1-o‘rinbosari bir vaqtni o‘zida turizm, servis va logistikaga mas’ul bo‘ladi. Unga 10 ta aniq vazifa yuklatilib, har bir vazifa va funksiyasi mablag‘i bilan mustahkamlanadi.
Xuddi shunday, hokim va qolgan 3 nafar o‘rinbosariga ham aniq vazifalar moliyaviy ta’minoti bilan belgilab beriladi.
Hokim, uning o‘rinbosarlari KPIni to‘liq bajarsa, keyingi yil hududga beriladigan mablag‘ 10-15 foiz ko‘paytiriladi. Aksincha bo‘lsa, mablag‘ oshirilmaydi va mas’ul rahbar ishdan ketadi.
O‘zA