Hokim o‘rinbosarlari o‘qidi
Samarqand viloyatida rahbar kadrlar uchun o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.
To‘rt kunlik seminarda tuman va shaharlar hokimlarining o‘rinbosarlari, tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlari hamda milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar ishtirok etdi.
O‘quv-amaliy seminarda asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 18-20 noyabr kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida so‘zlagan nutqlarida belgilab berilgan ijro hokimiyati organlari rahbar kadrlarining vazifalar mazmun-mohiyati, “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb nomlangan 2025 yilda amalga oshiriladigan ishlar tushuntirildi.

Dastlabki kunga mashg‘ulotlarda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Sh.Sirojiddinov ishtirok etib, davlatimiz rahbari ma’ruzalaridan kelib chiqib, rahbar kadrlar oldida turgan vazifalar haqida so‘z yuritdi. Belgilangan dastur va rejalarni o‘z vaqtida, sifatli bajarish, aholi uchun qulaylik yaratish, ularning muammolarini hal etish rahbarlar faoliyatiga baho berishning asosiy mezonlari ekani ta’kidlandi.

Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, oliy ta’lim muassasalarining malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan sohaviy yo‘nalishlarda ma’ruzalar qilindi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, seminar davomida fikr-mulohazalar va takliflar bildirildi.

– Ma’ruzalarni eshitib, o‘qib, oldimizda turgan vazifalarni belgilab olgan bo‘lsak-da o‘quv davomida davlatimiz rahbari qayd etgan har bir yo‘nalish bo‘yicha atroflicha tushunchaga ega bo‘ldik, – deydi Bulung‘ur tumani hokimi o‘rinbosari N.Sanaqulov. – Ikki yildan buyon tumanimizda “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi davom etmoqda. Mazkur hududda zamonaviy infratuzilma yaratilib, ko‘p qavatli uylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurilmoqda. Davlatimiz rahbari endilikda bunday shaharchalar qurilishi keng ko‘lamda davom etishini ta’kidladi. Shu asosida o‘quv- seminarda yangi dasturlar, rejalar haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldik.
O‘quv-amaliy seminar yakunida test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri