Hokim kutubxonaga quruq qo‘l bilan bormadi
Surxondaryo viloyati Angor tumani hokimi Qosim Mardonov tuman axborot-kutubxona markazida bo‘lib, ziyo maskanida xodimlar va kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Kutubxona jamoasining kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, aholining kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirib, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, yosh avlodning milliy g‘urur, iftixor, Vatanga muhabbat va yurt taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish yuzasidan amalga oshirayotgan ishlari haqida dildan suhbatlashdi. Kitob fondi bilan qiziqdi.

Uchrashuv yakunida tuman rahbari axborot-kutubxona markaziga 500 dona she’riy va nasriy, jahon adabiyoti durdonalari, ijodiy-ilmiy asarlardan iborat kitoblar jamlanmasini topshirdi.
Tuman hokimining tuhfasi bilan axborot-kutubxona markazi 90 mingga yaqin kitob fondiga ega bo‘ldi. Ularning 900 ga yaqini elektron adabiyotlardir.

Mamlakatimizda kitob mutolaasi va kitobxonlik keng targ‘ib qilinayotgan hozirgi paytda tuman hokimining ma’rifat maskani bilan tanishib, kitob fondini boyitishga hissa qo‘shgan boshqa rahbarlar ham ibrat olsa arziydigan fazilat. Biz joriy yil fevral oyida Surxondaryo viloyat kutubxonachilarining Sho‘rchi tumani axborot-kutubxona markazida o‘tkazilgan seminari doirasida tuman hokimi A.Ishmurzoyev o‘zining shaxsiy kutubxonasidan ziyo maskaniga 300 dona kitob sovg‘a qilgani haqida ham xabar bergan edik.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri