Hokim jurnalistlar bilan uchrashdi
Mamlakatimizda xalqimizning eng suyukli bayramlaridan biri Navro‘z keng nishonlanayotgan farahbaxsh kunlarda Jizzax viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, infratuzilmaviy loyihalar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi farovonligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, hokimiyat va jamoatchilik o‘rtasidagi ochiq muloqotni kuchaytirish, axborot shaffofligini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Tadbirda jurnalistlar va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdi, hududdagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish, ishsizlik muammolarini hal qilish, ta’lim va tibbiyot sohasini rivojlantirish borasida takliflar bildirdi. Ulug‘bek Mustafoyev barcha savollarga ochiq va oshkora javob berib, kelgusidagi rejalar haqida ham aytib o‘tdi.
[gallery-22383]
– Jizzax viloyatida bir yarim million aholi istiqomat qilsa, shularning eng avangardi sizlar bo‘lasiz, biz hokimiyat, huquq-tartibot idoralari doimo sizlarga ishonamiz va tayanamiz, – dedi Jizzax viloyati rahbari Ulug‘bek Mustafoyev. –Sizlar ro‘y bergan voqea -hodisalarning borini boricha ko‘rsatadigan jamiyatimizning haqiqiy ko‘zgusisizlar. Xalqimizda biror bir harakat, voqea-hodisa haqida negativ fikr tug‘diradigan ham, pozitiv fikr tug‘diradigan ham sizlarsiz. Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarni biz bilan birgalikda amalga oshirishga ko‘maklashishingizga umid qilaman. Navro‘z bayrami barchamizga muborak bo‘lsin.
Uchrashuv samimiy ruhda o‘tib, viloyatda axborot siyosatiga oid dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashildi. Hokimiyat va OAV vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator amaliy takliflar ilgari surildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari