Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev bugun samarqandlik faxriy ustozlar xonadoniga borib, ularni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan tabrikladi.
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov xonadonida mehmon bo‘lgan viloyat rahbari ustozning ilm-ma’rifat sohasidagi va jamoat arbobi sifatida Samarqand viloyati hayotidagi xizmatlarini e’tirof etdi.

A. Boboyev Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti professori, akademik Diamat Abdukarimovni ham bayram bilan tabriklab, olimni viloyat hokimligining faxriy yorlig‘i bilan taqdirladi.


O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, akademik,marhum Botirxon Valixo‘jayev xonadoniga borgan viloyat rahbari olimning rafiqasi, ko‘p yillar ta’lim-tarbiya sohasida faoliyat ko‘rsatgan Xadicha Vafoyevani bayram bilan tabrikladi. Suhbat davomida ilm-ma’rifat va yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga umrini bag‘ishlagan faxriy ustozlar yodga olindi. Bugungi kunda yurtimiz ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar yuksak samara berayotgani, ayniqsa, soha xodimlari mehnati qadrlanayotgani ta’kidlandi.

– Bugungi e’tibordan juda xursandman, —dedi Xadicha Vafoyeva. —Davlatimiz va xalqimiz g‘amxo‘rligidan, mehnatlarimiz qadrlanib, biz kabi faxriylar e’zozlanayotganidan minnatdormiz.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari